Mirziyoyev Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi
Jamiyat
−
09 noyabr 2023
2845O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun kelgan Turkmaniston yetakchisi Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Suhbat avvalida Turkmaniston Prezidenti turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari hamda oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi batafsil ko‘rib chiqilgan.
Tomonlar O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va chuqurlashgan strategik sheriklik izchil rivojlanib, mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.
“Savdo, sanoat, energetika, suv xo‘jaligi, transport va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik kengaymoqda. Hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalar faol. Joriy yil oktyabr oyida Turkmaniston va O‘zbekiston madaniyat kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, ikki mamlakat Prezidentlari mintaqaviy kun tartibi va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyevning Eron Islom Respublikasi rahbari Ibrohim Raisiy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. Bundan tashqari, biroz oldin Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan muzokara o‘tkazdi.
LiveBarchasi