Mirziyoyev Samarqandga boradi
Jamiyat
−
16 Oktabr 2023
10745Bugun, 16 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyuradi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Bildirilishicha, Shavkat Mirziyoyev BMT tizimidagi ushbu yetakchi tuzilmaning bosh sammiti ochilishida nutq so‘zlaydi.
Tashrif dasturi doirasida Mirziyoyevning UNWTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan uchrashishi hamda turizm ko‘rgazmasi bilan tanishishi ham rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Ushbu sessiya 16-20 oktyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta BMT oilasiga kiruvchi tashkilotning eng muhim tadbiri hisoblangan va ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan Bosh assambleyaga mezbonlik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 oktyabr kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlarining sammitida ishtirok etgandi.