Mirziyoyev Rustam Minnixonovni qabul qildi
Jamiyat
−
23 mart 2022
5601O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 23 mart kuni Tatariston Prezidenti Rustam Minnixonov boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, muloqotda O‘zbekiston hududlarining Tatariston bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan.
Ilgari erishilgan kelishuvlarga muvofiq ikki mamlakat yetakchi korxonalari o‘rtasida sheriklik aloqalari va kooperatsiya rivojlanayotganining ilk muhim natijalari mamnuniyat bilan qayd etilgan.
“O‘zaro savdo hajmi ortib, nomenklaturasi sifatli kengaymoqda, qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bugun Toshkent viloyatida yangi “Chirchiq” texnologik parki qo‘shma loyihasiga start berildi.
Gumanitar yo‘nalishda, shu jumladan ta’lim va madaniyat sohalarida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda”, deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, axborot texnologiyalari, transport va logistika, farmatsevtika va turizm sohalarida loyihalarni yanada ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Yakunda turli darajalardagi faol muloqotlarni va “yo‘l xaritasi” asosida birgalikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib olingan.