Mirziyoyev Rossiya Bosh vazirini qabul qildi
Jamiyat
−
10 Sentabr
3866O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Mixail Mishustin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Rossiya delegatsiyasi O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning beshinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekistonda bo‘lmoqda. Uchrashuv avvalida Mixail Mishustin Shavkat Mirziyoyevga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Rossiya Prezidentining joriy yil 26-28 may kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida qabul qilingan qaror va kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu ma’noda, Qo‘shma komissiyaning kecha, 9 sentyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishining samarali natijalari yuqori baholandi.
Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va iqtisodiyotning boshqa ustuvor sohalarida hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jadallashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti hududlar darajasida amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirish, jadal madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, migratsiya sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini qayd etdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 sentyabr kuni Rossiya va O‘zbekiston hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning beshinchi yig‘ilishida Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin ikki davlat fuqarolik uchuvchisiz samolyotlar tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganayotganini aytgandi.
LiveBarchasi