Mirziyoyev Rossiya Bosh vaziri bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moskvadagi Hukumat uyida Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

“Bu, muhtaram Shavkat Miromonovich, Prezident etib saylanganingizdan keyin Rossiyaga birinchi tashrifingiz. Va u O‘zbekiston va Rossiya xalqlarini bog‘laydigan do‘stlik, sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojida yangi sahifa ochishiga mutlaq ishonaman. Hukumat tomonidan hamkasbim Abdulla Nig‘matovich Aripov bilan siz va Rossiya Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putin o‘rtasida erishilgan strategik kelishuvlarni ta’minlash bo‘yicha barcha ko‘rsatmalar ustida ishlayapmiz. Va, albatta, bugun Kremldagi muzokaralar chog‘ida erishiladigan kelishuvlarni amalga oshiramiz”, degan Rossiya hukumati boshlig‘i.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti hozirgi tashrifi mazmunan juda boy bo‘layotganini aytgan.

“Umuman olganda, ikki tomonlama munosabatlarimiz ana shunday keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Bularning barchasi ko‘p narsani aytadi. Biz Vladimir Vladimirovich va mening siyosiy irodamiz tufayli so‘nggi yillarda bunga erishdik”, degan Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari 5-7 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiyada bo‘ladi. Bugun, 6 oktyabr kuni ertalab u Moskvada Noma’lum askar qabriga gulchambar qo‘ygan.

Shuningdek, bugun Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ham muzokaralar o‘tkazadi. Davlat rahbarlari mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni muhokama qilishlari kutilmoqda. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi hamda bir qator idoralararo va tijorat hujjatlari imzolanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga safarini Tataristondan boshlagandi. U Qozon shahridagi “Kazan Ekspo” markazida ochilgan Tatariston sanoat salohiyati ko‘rgazmasiga borgan, Rossiya Hukumati Raisining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va Tatariston Raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuvlar o‘tkazgan hamda Qozonning eng qadimgi qismi – UNESCO'ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Qozondagi Kremlga borib, Qul Sharif masjidida bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Mixail Mishustin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing