Mirziyoyev raisligida MDH davlat rahbarlari kengashining majlisi boshlandi
Jamiyat
−
18 dekabr 2020
6370O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi yig‘ilishi boshlandi.
Unda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qirg‘iziston Respublikasi parlamenti raisi – Prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi Talant Mamitov, Moldova Respublikasi Prezidenti Igor Dodon ishtirok etmoqda.
Sammit kun tartibidan MDH doirasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida, shuningdek, yangi xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish sohasida ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollarini baholash masalalari o‘rin olgan.
Majlisda delegatsiyalar rahbarlari MDHni 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda yanada rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini va uni amalga oshirish rejasini ko‘rib chiqadilar. Ushbu hujjatlarda hamkorlikning yaqin va o‘rta muddatli istiqboldagi strategik maqsadlari va asosiy tadbirlari belgilangan.
Uchrashuv yakunida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga asos solinganining 75 yilligi munosabati bilan hamda xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotlar, shuningdek, Hamdo‘stlik faoliyatining turli jihatlariga doir, shu jumladan, 2021 yilda Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi o‘tkazish joyi to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi