Mirziyoyev Pokiston Prezidenti bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 4 mart kuni Islomobod shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviyning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar bir-birini samimiy qutlab, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. 

O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekani hamda hamkorlikni yanada kengaytirishga kuchli turtki bo‘lishi ta’kidlandi.

2022 yilda mamlakatlar muhim sana – diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaydi. O‘tgan vaqt mobaynida siyosiy muloqot va hamkorlikda katta muvaffaqiyatlarga erishildi. O‘zaro tovar ayirboshlashda jadal sur’at kuzatilmoqda. O‘tgan yili, pandemiyaga qaramay, uning hajmi 50 foizdan ziyodga oshdi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni izchil kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. 

Mirziyoyev Pokistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni olqishladi. Ayni paytda hamkorlikni, shu jumladan gumanitar sohada kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. 

Prezident O‘zbekiston va Pokistonning fan, ta’lim, yuqori texnologiyalar va yoshlarga doir siyosat sohalaridagi tashabbuslari mamlakatning Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasidagi maqsadlariga hamohang ekanligi qayd etildi. 

Tomonlar sheriklikning ushbu yo‘nalishini har tomonlama rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi. O‘zbekiston Prezidenti astronomiya, astrofizika, fizika, matematika, virusologiya va robot texnikasi bo‘yicha ilmiy-amaliy tadbirlarni o‘tkazishda Islom hamkorlik tashkilotining “KOMSTEK” Ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi imkoniyatlaridan foydalanishni taklif etdi.

Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. Mintaqaviy xavfsizlik va Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. 

Shavkat Mirziyoyev Orif Alviyga mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Pokiston kuni munosabati bilan samimiy tabrik va eng ezgu tilaklarini izhor etdi hamda uni o‘ziga qulay vaqtda O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Uchrashuv iliq va do‘stona muhitda o‘tgan. Tomonlar ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirishga intilishi qat’iy ekanini tasdiqlagan.

Shu bilan O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi yakunlandi, Shavkat Mirziyoyev Tokshentga jo‘nab ketdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Pokiston Orif Alviy

Baholaganlar

115

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing