Mirziyoyev Pezeshkiyonni O‘zbekistonga taklif qildi
Jamiyat
−
11 Oktabr
4717Bugun, 11 oktyabr kuni Ashxobod shahridagi xalqaro forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezidentlarning matbuot xizmatlari xabar berdi.
Bildirilishicha, suhbat davomida O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan. Turli darajalardagi faol aloqalar va samarali almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni ortib borayotgani ta’kidlangan.
“Davlat rahbarlari kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va tezkor amalga oshirish, Imtiyozli savdo bitimi doirasidagi mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish muhimligini ta’kidladilar. O‘zbekiston va Eron yetakchilari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar”, deyiladi O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabarida.
Pezeshkiyonning matbuot xizmati esa Eron Prezidenti Mirziyoyev bilan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiya yig‘ilishini o‘tkazish zarurligini ta’kidlaganini yozdi. Shuningdek, Pezeshkiyon O‘zbekiston Prezidentini Tehronga taklif qilgan.
“Eronning ilmiy va sanoat sohalaridagi imkoniyatlari qo‘shma hamkorlikni rivojlantirish uchun asos bo‘lishi mumkin”, degan Pezeshkiyon.
O‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyev ham Pezeshkiyonni O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qilgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 11 oktyabr kuni Ashxobodda turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan "Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi - tinchlik va taraqqiyot asosi" mavzusidagi xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Osif Ali Zardariy, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Armaniston Respublikasi Prezidenti Vaagn Xachaturyan, xorijiy davlatlar parlamentlari rahbarlari va yuqori martabali vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar boshliqlari ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Pezeshkiyon Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgandi. Mirziyoyev esa Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashib, unga Maxtumqulining o‘zbek tilida nashr etilgan tanlangan asarlari to‘plamini sovg‘a qildi.
LiveBarchasi