Mirziyoyev pandemiyaning yangi to‘lqiniga yo‘l qo‘ymaslikning 3 ta muhim shartini aytdi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 3 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tyapti. Yig‘ilishda davlat rahbari pandemiyadan imkon qadar yo‘qotishlarsiz o‘tish va keyingi to‘lqinlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, O‘zbekiston xalqi 3 ta muhim shartga qat’iy amal qilishi talab etilishini ta’kidladi.

“Birinchidan, virusdan himoyalanish va uni yengishning eng muhim sharti – bu albatta vaksinatsiya. Qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, ushbu maqsadlar uchun bugungi kunga qadar 4 turdagi 13 million doza vaksina olib keldik. Qaysi turdagi vaksina bilan emlanish bo‘yicha aholida tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi.

Shu bois emlash tadbirlarini keng joriy etish maqsadida kuni kecha maxsus qonunni imzoladim”, deydi davlat rahbari.

Ushbu qonun orqali ish beruvchilarga sog‘lig‘iga ko‘ra qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan, lekin profilaktik emlashni rad etgan xodimlarini ish joyiga kiritmaslik huquqi berildi.

“Ikkinchidan, shaxsiy gigiyena va ijtimoiy masofani saqlash talablariga rioya qilish, jamoat joylarida tibbiy niqobda yurish – kasallikdan eng samarali himoya ekanini unutmaslik lozim.

Afsuski, odamlarimiz bu talabni unutib, esdan chiqarib qo‘ygani ham, ayni haqiqat. Cheklovlarga qaramasdan, joylarda ko‘p kishilik to‘ylar, turli xil marosimlar to‘xtagani yo‘q”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari joriy haftadan oliygohlarga kirish uchun test imtihonlari boshlanishiga ham to‘xtaldi. Bu tadbirlarda respublika bo‘yicha kuniga 100 mingga yaqin abituriyent qatnashishi ta’kidlanib, imtihonlarni ham karantin talablari asosida tashkil etish zarurligi urg‘ulandi.

“Uchinchidan, kasallik yengil kechayotgan va uy sharoitida davolanayotgan bemorlarni o‘zboshimchalik bilan, pala-partish dori vositalarini iste’mol qilishini oldini olish zarur. 

Afsuski, bemorlar uy sharoitida noto‘g‘ri davolanishlari natijasida og‘ir oqibatlar kelib chiqmoqda”, deydi Prezident Mirziyoyev.

Bosh prokurorga viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari bilan birgalikda dorixonalarda koronavirusga qarshi qo‘llaniladigan dori vositalari narxining asossiz oshishi va ularning noqonuniy aylanmasi bo‘yicha kunlik nazorat tadbirlarini kuchaytirish topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

348

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing