Mirziyoyev Ozarbayjon va yana besh arab davlatining vazirlarini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 aprel kuni Saudiya Arabistoni, Qatar, Ummon sultonligi, Quvayt, Bahrayn podshohligi, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari va Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vazirini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi. 

Prezident “Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi” doirasida O‘zbekistonda bo‘lib turgan Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saudni qabul qilgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni va keng ko‘lamli sheriklikni oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

“Bugungi kunda turli darajalarda faol muloqotlar va delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari davom etmoqda. O‘zaro savdo hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshib bormoqda. “Yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, IT va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari boshlangan”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, bo‘lajak tadbirlar, shu jumladan 2025 yilda o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotining ikkinchi sammitiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibidagi boshqa masalalar, xususan, Afg‘onistondagi vaziyat va Falastin muammosini tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan fikr almashilgan.

Qatar Davlati Bosh vaziri, Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy boshchiligidagi delegatsiya ham Prezident Mirziyoyev qabulida bo‘lib, unda ikki tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan. 

Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani, madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilayotgani, oktyabr oyida O‘zbekistonda Qatar madaniyati haftaligi bo‘lib o‘tishi qayd etilgan.

Qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini tezroq yaratish muhimligi bildirilib, transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Yaqin Sharqdagi vaziyatning jiddiy keskinlashayotgani yuzasidan ham fikr almashilgan.

Ummon sultonligi Tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaydiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda esa, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi salohiyatni samarali ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqilgan. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qo‘shma investitsiya kompaniyasining loyihalar portfelini kengaytirish muhim ekani qayd etilgan.

Bank sohasini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim kabi ustuvor yo‘nalishlarda yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish taklif qilinib, o‘zaro muloqotlarni va hamkorlikning institutsional mexanizmlarini faollashtirish – siyosiy maslahatlashuvlar, hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, biznes forumlari va ko‘rgazmalarni muntazam o‘tkazib borish zarurligi ta’kidlangan.

Mintaqaviy, shu jumladan 2011 yilgi Ashxobod kelishuvlari doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.

Quvayt Davlati Tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo bilan o‘tkazilgan muzokaralarda esa o‘zaro tashriflarni faollashtirish, madaniy va turizm almashinuvlariga oid dasturlarni amalga oshirish, yetakchi kompaniyalar ishtirokida, shu jumladan Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan yaqin hamkorlik doirasida hamda Quvayt investitsiya agentligi bilan samarali sheriklikni yo‘lga qo‘yish orqali ustuvor tarmoqlardagi investitsiya loyihalarini ilgari surish zarurligi qayd etilgan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, moliya-investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Yaqin fursatda ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar, qo‘shma hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi va biznes forumini o‘tkazish muhim ekani ta’kidlangan va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.

Bahrayn podshohligi Tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayaniy boshchiligidagi delegatsiya bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekiston bilan Bahrayn o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Siyosiy muloqotni faollashtirish hamda siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini tez fursatda ishga tushirish muhimligi qayd etilgan.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik, bank-moliya, avtomobil va temiryo‘llari qurilishi, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi dastur va loyihalarni ilgari surish uchun katta salohiyat va keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlangan.

Shu maqsadda joriy yilda qo‘shma hukumatlararo qo‘mitaning ilk yig‘ilishini o‘tkazish hamda O‘zbekiston va Bahrayn yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida Ishbilarmonlar kengashini ta’sis etish rejalashtirilgan.

Xalqaro kun tartibi, shu jumladan xavfsizlikka zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.

O‘zbekiston rahbari Bahrayn Tashqi ishlar vazirini qutlug‘ yoshi bilan muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar tilagan.

Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy bilan bo‘lgan muzokaralar davomida, O‘zbekiston va Amirliklar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi yuksak darajasi katta mamnuniyat bilan qayd etilgan. 

Bildirilishicha, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib bormoqda. O‘zbekistonda Amirliklar sarmoyasi ishtirokida 300 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Qo‘shma loyihalar portfeli 4 milliard dollardan oshgan.

Uchrashuvda “Yashil” energetika, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, transport va kommunikatsiya kabi tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va ilgari surish muhimligi ta’kidlangan.

Transafg‘on temiryo‘lining texnik loyihasini tayyorlash va qurilishini boshlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqilgan.
Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramovni qabul qilgan Prezident diplomat bilan O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqqan.

Muntazam va samarali muloqotlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga chiqqani, amaliy mazmun bilan boyigani mamnuniyat ila qayd etilgan.

Bildirilishicha, o‘tgan yilda tovar ayirboshlash 27 foizga oshgan. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, energetika, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Qo‘shma investitsiya fondi o‘z faoliyatini boshlagan.

Uchrashuvda bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va Qatar Davlati Bosh vaziri, Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniyni qabul qilgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ozarbayjon Arab

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing