Mirziyoyev Nukusdagi Prezident maktabini qurib bitkazish uchun muddat belgiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida qurilayotgan Prezident maktabi bilan tanishdi. Davlat rahbari tanishuv davomida Prezident maktablari boshqa maktablar uchun andoza bo‘lishi, ta’lim muhitini o‘zgartirishi kerakligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident maktablari tashkil etish tashabbusini o‘tgan yili aynan Nukusda e’lon qilgan, buni Qoraqalpog‘istondan boshlashni taklif etgan edi.

Joriy yil 20 fevralda shu bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi.

Nukus shahrida ham ushbu maktab qurilishi jadal olib borilmoqda. Kembrij universiteti bilan hamkorlikdagi Imtihon kengashi tomonidan o‘tkazilgan qabul jarayonlarida eng bilimga chanqoq bolalar tanlab olindi. 

Shavkat Mirziyoyev maktabning binosi ham, ma’rifati ham mukammal bo‘lishi kerakligini, shuning uchun uni shoshmasdan, sifatli qurib, Konstitutsiya bayramida foydalanishga topshirish zarurligini ta’kidladi. Ungacha o‘quvchilar boshqa binoda o‘qib turadi. 

Maktabda darslar xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv reja va “STEAM” dasturi asosida ingliz tilida olib boriladi. Matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida chuqur o‘rgatiladi.

Prezident mazkur bilim dargohi uchun pedagoglar qanday tanlanayotgani bilan qiziqdi.

"Bu maktablarning o‘qituvchisi ham, o‘quvchisi ham eng namunali bo‘lishi lozim. Chuqur bilim bilan birga ma’naviyat, vatanparvarlik hissi ham singdirilishi zarur. Bu yerga bilimli bolalar kelishi uchun har bir tumanda bazaviy bog‘cha va maktablar shakllanishi lozim. Shunda umumiy bilim, saviya, ta’lim muhiti o‘zgaradi", dedi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

38

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing