Mirziyoyev niyatiga yetishiga oz qoldi: afg‘onlararo muzokaraning ikkinchi raundi boshlanyapti

Jamiyat

image

Ertaga, 5 yanvar kuni Qatar poytaxti Doha shahrida afg‘onlararo tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichi boshlanadi. 

Muzokaralarning birinchi bosqichi yakunida Afg‘oniston hukumat delegatsiyasi Kobulga qaytib kelgandi va “Tolibon” vakillari uchrashuvlar o‘tkazish uchun Pokistonga jo‘nab ketgandi. 

Afg‘oniston hukumati vakillari so‘nggi haftalarda Prezident Ashraf G‘ani, Milliy yarashuv oliy kengash rahbari Abdulla Abdulla, siyosiy partiyalar rahbarlari va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan,  Tolibon delegatsiyasi esa Pokiston rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazgan. 

Afg‘onlararo muzokaralar ishtirokchilari bugun Qatarga qaytishi kutilmoqda. 

Muzokaralarning birinchi bosqichida tomonlar munozaralarning shakli va kun tartibi bo‘yicha kelishuvga erishgan edilar, ikkinchi bosqich to‘g‘ridan-to‘g‘ri Afg‘onistondagi tinchlik tafsilotlariga bag‘ishlanadi. 

Qobul delegatsiyasining ustuvor vazifasi mamlakatda uzoq muddatli sulhga erishishdir va toliblar Afg‘onistonning kelajakdagi tuzilmasida hokimiyatni taqsimlashni ustuvor vazifa deb biladi. 

Ikki tomonning kelishuvi bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichi 23 kunga qoldirilgandi. Agar muzokaralarning ikkinchi bosqichi ijobiy yakunlansa, Afg‘onistondagi tinchlik muzokaralarining asosiy bosqichi boshlanadi.

Afg‘onlararo muzokaralarning boshlanishi, Hukumat va "Tolibon"ning muzokara stoliga kelishida O‘zbekiston, xususan Prezident Mirziyoyevning ishtiroki katta. Mirziyoyev iqtidorga kelgan ilk kunlardanoq dunyo hamjamiyati oldiga afg‘on muammosini yana ko‘ndalang qo‘ydi. U 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlab, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish ekanini ta’kidladi. 

2018 yil 27 mart kuni "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

2020 yilning 12 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohada Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Bu Afg‘onistonda tinchlik va osuda hayot uchun qo‘yilgan yana bir ulkan qadam, deyish mumkin. O‘zbekiston 40 yildan ziyod vaqt davomida Afg‘onistonda davom etayotgan urush, notinchlik va o‘zaro muammolarni afg‘on xalqining o‘zi o‘z irodasi bilan hal etishi tarafdori. 

2020 yilning 29 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida yana afg‘on muammosiga to‘xtalib, shunday degan edi:

"Biz qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilishiga qat’iy ishonamiz va bu ezgu yo‘lda amaliy yordamni bundan keyin ham ayamaymiz".

O‘tgan yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, qo‘shning tinch – sen tinch degan azaliy qadriyatga asoslangan islohotlari natijasida afg‘on muammosini hal etishda oldinga siljish kuzatildi. Buning samarasini 2020 yilning 29 fevral kuni Qatarning Doha shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari va "Tolibon" harakati o‘rtasida tinchlik sulhi imzolanganida ham ko‘rish mumkin. Sulhda AQSH 19 yil deganda o‘z harbiy kuchlarini afg‘on diyoridan olib chiqib ketishi, “Tolibon” ham qurolli harakatlarni to‘xtatishi belgilandi. 

2020 yilning 12 sentyabr kuni Dohada bo‘lib o‘tgan muzokaralar esa afg‘on xalqining va nihoyat tinch va farovon hayotga qovushishidan dalolat berdi. “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari Mulla Abdulg‘ani Birodar o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan suhbatlashib, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklash borasida rasmiy Toshkentning faolligini alohida e’tirof etdi


Maqola muallifi

Teglar

afg'onlararo tinchlik muzokaralari

Baholaganlar

384

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing