Dohadagi afg‘onlararo tinchlik muzokaralari bir kun kechikib boshlandi

Olam

image

Bugun, 7 yanvar kuni afg‘onlararo tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichi boshlandi. Muzokaralar Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tmoqda. 

Muzokaralarning maqsadi Afg‘onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlikni ta’minlashdir. 

Bu safar Qatarda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv ishtirokchilari masalaning mazmuni bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishadi. 

Hukumat delegatsiyasi vakili Nodir Nodiriyning jurnalistlarga aytishicha, “Tolibon” va hukumat delegatsiyasi bir qator masalalarni muhokama qilishga kelishib olgan. 

Muzokaralar 2020 yil 14 dekabrda vaqtincha to‘xtatilgandi. 

Dastlab muzokaralarning ikkinchi bosqichini 5 yanvarda boshlash rejalashtirilgan edi. Biroq, Hukumat delegatsiyasi Qatarga bir kunlik kechikish bilan keldi, shu sababli muzokaralar bir kun o‘tib boshlandi. 

Afg‘onlararo tinchlik jarayoni 2020 yil 29 fevralda AQSH va “Tolibon” o‘rtasida tinchlik sulhi imzolanganidan keyin boshlandi. 2020 yil sentyabr oyida hukumat delegatsiyasi va “Tolibon” Dohada muzokaralar doirasi va tamoyillarini muhokama qildilar. 

“Tolibon” muzokaralar paytida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni Hanbaliy fiqhi (doktrinasi) asosida hal qilishni talab qildi. Qobulda ular e’tiroz bildirdilar, chunki mamlakatning bir qator mintaqalarida aholi ushbu doktrinaga rioya qilmaydi. 

Tomonlarning moslashuvchanligi tufayli AQSH vositachiligi bilan murosaga erishildi.

Afg‘onlararo muzokaralarning boshlanishi, Hukumat va "Tolibon"ning muzokara stoliga kelishida O‘zbekiston, xususan Prezident Mirziyoyevning ishtiroki katta. Mirziyoyev iqtidorga kelgan ilk kunlardanoq dunyo hamjamiyati oldiga afg‘on muammosini yana ko‘ndalang qo‘ydi. U 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlab, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish ekanini ta’kidladi. 

2018 yil 27 mart kuni "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

2020 yilning 12 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohada Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Bu Afg‘onistonda tinchlik va osuda hayot uchun qo‘yilgan yana bir ulkan qadam, deyish mumkin. O‘zbekiston 40 yildan ziyod vaqt davomida Afg‘onistonda davom etayotgan urush, notinchlik va o‘zaro muammolarni afg‘on xalqining o‘zi o‘z irodasi bilan hal etishi tarafdori. 

2020 yilning 29 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida yana afg‘on muammosiga to‘xtalib, shunday degan edi:

"Biz qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilishiga qat’iy ishonamiz va bu ezgu yo‘lda amaliy yordamni bundan keyin ham ayamaymiz".

O‘tgan yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, qo‘shning tinch – sen tinch degan azaliy qadriyatga asoslangan islohotlari natijasida afg‘on muammosini hal etishda oldinga siljish kuzatildi. Buning samarasini 2020 yilning 29 fevral kuni Qatarning Doha shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari va "Tolibon" harakati o‘rtasida tinchlik sulhi imzolanganida ham ko‘rish mumkin. Sulhda AQSH 19 yil deganda o‘z harbiy kuchlarini afg‘on diyoridan olib chiqib ketishi, “Tolibon” ham qurolli harakatlarni to‘xtatishi belgilandi. 

2020 yilning 12 sentyabr kuni Dohada bo‘lib o‘tgan muzokaralar esa afg‘on xalqining va nihoyat tinch va farovon hayotga qovushishidan dalolat berdi. “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari Mulla Abdulg‘ani Birodar o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan suhbatlashib, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklash borasida rasmiy Toshkentning faolligini alohida e’tirof etdi


Maqola muallifi

Teglar

afg'onlararo tinchlik muzokaralari

Baholaganlar

19

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing