Mirziyoyev Nazar To‘rayev vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 3 oktyabr kuni akademik, fizik olim Nazar To‘rayev 85 yoshida vafot etdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’ziya bildirdi. Unda shunday deyiladi:

“O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Fizikaviy elektronika sohasidagi yirik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Nazar Yuldashevich To‘rayev 2023 yil 3 oktyabr kuni 85 yoshida vafot etdi.

Nazar To‘rayev 1938 yil 19 mayda Surxondaryo viloyatining Denov shahrida tug‘ildi. 1961 yili Samarqand davlat universitetini tamomlab, mehnat faoliyatini Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim lavozimida boshladi. Zahmatkash olim o‘zining 60 yillik mehnat faoliyati davomida Yadro fizikasi instituti aspiranti, Elektronika instituti ilmiy kotibi, Toshkent politexnika instituti kafedra mudiri, Termiz davlat universiteti rektori, Fanlar akademiyasining “FANUM” ilmiy-o‘quv markazi direktori kabi mas’ul lavozimlarda samarali faoliyat ko‘rsatib, mamlakatimiz ilm-fan sohasini taraqqiy ettirish, yetuk kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

U 1968 yilda nomzodlik, 1981 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylandi.

Nazar To‘rayev mamlakatimiz va xalqaro ilmiy jamoatchilik o‘rtasida fizikaviy elektronika yo‘nalishida maktab yaratgan olim sifatida katta hurmat va e’tiborga sazovor bo‘ldi.

Fidoyi olimning fizikaviy elektronikaning nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalari, monografiya va o‘quv-metodik qo‘llanmalari chop etilgan.

Mehribon va jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga ilm-fan asoslaridan saboq bergan. Uning rahbarligida 10 nafardan ortiq fan doktori va 20 nafarga yaqin fan nomzodlari tayyorlandi.

Nazar To‘rayev jamoat ishlarida ham faol ishtirok etdi. 1990-1995 yillarda mamlakatimiz parlamenti deputati sifatida milliy mustaqilligimizning huquqiy poydevorini mustahkamlashda jonbozlik ko‘rsatdi.

Akademik Nazar To‘rayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Nazar To‘rayevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”.

Ushbu ta’ziyanomaga Prezident Mirziyoyev boshchiligida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi raisi Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov va Fanlar akademiyasi raisi Bexzod Yo‘ldoshevning nomlari ham qayd etilgan.  


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing