Mirziyoyev Namanganda iftorlik qildi (foto, video)

Jamiyat

111

Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 25 mart kuni Namangan viloyatiga borgani haqida xabar bergandik. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda mahallalar hayoti bilan tanishgan davlat rahbari Namanganda iftorlik qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun O‘zbekistonning barcha hududlarida, viloyat, shahar va tumanlardagi hamma mahallalarda iftorlik dasturxonlari yozildi. Shuningdek, Namangan viloyatidagi ehsonga Farg‘ona va Andijon viloyati nuroniylari ham borgan. Prezident bilan samimiy suhbatlashgan otaxonlar, Mirziyoyevga chakmon sovg‘a qilishgan.

Iftorlik dasturxoniga tashrif buyurgan Mirziyoyev avvalo musulmonlarni Ramazon oyi bilan yana bir bor tabriklagan.

"Bugun barchamiz – muhtaram ulamolarimiz va nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz vakillari birgalikda iftor qilmoqdamiz. Yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi bugun go‘yoki bir dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tiribdi. O‘ylaymanki, bu savobli tadbir inson qadrini ulug‘lashga, o‘sib kelayotgan yoshlarimizni mana shunday olijanob ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi", degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu ishlarga hissa qo‘shayotgan iymon-diyonatli, saxovatli fuqarolarga tashakkur aytgan. Bundan tashqari, Mirziyoyev chet eldagi o‘zbekistonliklarni ham ulug‘ ayyom bilan tabriklab, ularga sog‘liq-omonlik va omad tilagan.

"Ma’lumki, yangilangan Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston - ijtimoiy davlat” degan muhim qoida belgilab qo‘yilgan. Shu asosda mamlakatimizda mutlaqo yangi ijtimoiy himoya tizimi shakllanmoqda. Bu tizim birinchi navbatda ehtiyojmand kishilarga, jumladan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, yetim qolgan, o‘zgalar parvarishiga  muhtoj insonlarga har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan", degan Prezident.

Bu haqda so‘zlar ekan, Mirziyoyev Alisher Navoiyning “Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay”, hikmatini yodga olgan.

Davlat rahbari so‘zining yakunida eng ezgu tilaklarini bildirgan:

"Muborak Ramazon oyi sharofati bilan yurtimizda, jami musulmon o‘lkalarda, butun dunyoda tinchlik, barqarorlik hukm sursin, odamlar, xalqlar o‘rtasida do‘st-birodarlik, o‘zaro hurmat tuyg‘ulari ustuvor bo‘lsin. Kuchlilar – ojizlarga tayanch, saxovatpeshalar – muhtojlarga yordamchi, yoshlar – qariyalarga g‘amxo‘r bo‘lsin. Dinimizda belgilab berilgan to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaylik, ayni paytda zamon bilan hamnafas yashaylik. Yoshlarimiz bilimlari bilan jahonga tanilib, yurtimiz dovrug‘ini yuksaklarga ko‘tarishsin. O‘zbekiston dunyoning eng oldi, eng ilg‘or davlatlaridan biriga aylansin. Tutgan ro‘zalarimiz, duolarimiz dargohida qabul bo‘lsin", degan Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Namangan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing