Mirziyoyev Nyu-Yorkda XVJ boshqaruvchi direktorini qabul qildi
Jamiyat
−
22 Sentabr 3539 1 daqiqa
Bugun, 22 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu nufuzli global tuzilma bilan sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. XVJ rahbari Kristalina Georgiyeva Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlarga yuksak baho berib, ortga qaytmas islohotlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
“Jamg‘arma bilan makroiqtisodiy siyosat, byudjet va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish sohalarida samarali hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mutaxassislarimiz XVJ markazlarida muntazam ravishda malaka oshirish dasturlaridan o‘tmoqda. Joriy yilda mamlakatimiz moliya sohasining barqarorligi birgalikda baholandi va "yo‘l xaritasi" qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, uchrashuv davomida pul-kredit va fiskal siyosatni rivojlantirish, statistika tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha jamg‘armaning ekspertlik ko‘magini davom ettirish, shuningdek, iqtisodiy idoralar xodimlari uchun o‘quv dasturlarini kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ayni damda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib turibdi. Mirziyoyevning ertaga, 23 sentyabr kuni BMT minbarida nutq qilishi rejalashtirilgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr