Mirziyoyev mojarolar va global iqtisodiyotdagi uzilishlar sababini aytdi

Jamiyat

image

Xalqaro munosabatlarda muloqot va ishonch misli ko‘rilmagan darajada kamayishi sabab dunyoda ko‘p tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetmoqda va global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 oktyabr kuni Ostona shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning oltinchi sammitida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

So‘zining avvalida Shavkat Mirziyoyev o‘tgan davr davomida ushbu tuzilma xavfsizlikni ta’minlash, Osiyoda o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari bo‘yicha keng va ochiq muloqot uchun muhim maydon sifatida o‘zining g‘oyatda zarur ekanligini ko‘rsatganini ta’kidladi. O‘zbekiston forumni transformatsiya qilish masalasi bo‘yicha qo‘shma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

“Bugun biz xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora o‘sib, muloqot va ishonchning misli ko‘rilmagan darajada taqchil bo‘lib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Bularning barchasi ko‘p tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetkazmoqda, mojarolarning avj olishiga sabab bo‘lib, global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda.

Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qit’asi barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilmoqda, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha bizning sa’y-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda”, deydi Prezident Mirziyoyev.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash – Osiyo qit’asi davlatlarini birlashtiruvchi xalqaro forum bo‘lib, o‘z oldiga mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash vazifasini qo‘yadi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

103

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing