Mirziyoyev Markaziy Osiyo miqyosida media platforma yaratishni taklif qildi
Jamiyat
−
14 Sentabr 2023
3889Mirziyoyev Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro media platforma yaratishni taklif qildi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 sentyabr kuni Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqida Osiyo bo‘yicha xalqaro media platforma yaratishni va uni "Markaziy Osiyoning tarixi va madaniyati. Yagona o‘tmish va umumiy kelajak” deb nomlashni taklif qildi.
"Umumiy tarix, urf-odat, madaniyat va qadriyatlarga – Markaziy Osiyoning noyob sivilizatsiyasi mushtarakligi va rang-barangligiga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlik bizning eng muhim an’anaviy ustuvor yo‘nalishimizdir.
Birgalikdagi madaniyat, san’at va kino kunlari, “do‘stlik kechalari”, yoshlar forumlari, ijodkor ziyolilarning uchrashuvlari, ilmiy simpozium va sport musobaqalarini o‘tkazish ezgu an’anaga aylanishi lozim. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning tizimliligini ta’minlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy-gumanitar hamkorligini chuqurlashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasini qabul qilishni taklif etamiz”, deydi Prezident.
Mirziyoyevning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlarining noyob madaniy-tarixiy va ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etishda ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan faol foydalanish zarur.
“Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasini yaratish bu yo‘nalishdagi amaliy qadam bo‘ladi. Bunda umumiy mintaqaviy kontentni shakllantirish uchun olimlar va keng jamoatchilik vakillarini jalb etishga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.
Bularning barchasi bir-birini o‘zaro tushunish va umummintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi”, deydi Prezident.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlardagi iste’dodli yoshlar uchun ilm-fan va ta’lim sohasida Al-Xorazmiy, Forobiy, Jomiy, Maxtumquli, Chingiz Aytmatov kabi Markaziy Osiyo mintaqasidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar, alloma va faylasuflar nomidagi mintaqaviy grant va stipendiyalar ta’sis etishni taklif qilgan.
“Yosh avlodni ekstremistik g‘oyalar ta’siridan himoya qilish maqsadida yoshlarning radikallashuviga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Mintaqaviy kompleks dastur ishlab chiqish zarur”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tishi aytilgan edi.
Imomova Mashhura
LiveBarchasi