Mirziyoyev Makronni O‘zbekistonga taklif qildi
Jamiyat
−
22 noyabr 2022
7479Bugun, 22 noyabr kuni Parijdagi Yelisey saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar va munosabatlarni yuksak darajadagi keng qamrovli sheriklikka olib chiqishga kelishib oldilar.
Yetakchilar ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan joriy yilda ikki tomonlama aloqalar jadal sur’at bilan rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot chuqurlashib, xalqaro tashkilotlar doirasida tomonlar o‘zaro ko‘maklashayotgani, parlamentlararo muloqot kengayganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Xavfsizlik sohasida, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi kurashish borasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdorlik bildirildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, tovar ayirboshlash hajmini, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilgan holda qo‘shma loyiha va dasturlarni ko‘paytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Tashrif arafasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlik tadbirlarining yakunlari, ularning doirasida umumiy qiymati 6 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan savdo-iqtisodiy bitim va shartnomalar imzolangan yuksak baholandi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishning ahamiyati qayd etildi. Tomonlar Samarqandda Fransiya alyansining filiallari ochilishini qo‘llab-quvvatladilar hamda joriy yil 27-28 noyabr kunlari Parijda ikkinchi O‘zbekiston-Fransiya ta’lim forumining o‘tkazilishini olqishladilar. Fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Uchrashuv ochiq, samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi. Yakunda Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronni o‘zi uchun qulay vaqtda tashrif bilan mamlakatimizga borishga taklif etdi.
LiveBarchasi