Mirziyoyev Lukashenkoni tabrikladi
Jamiyat
−
30 avgust 3681 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 avgust kuni Belaruslik Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do‘st Belarus xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.
Aleksandr Lukashenko, o‘z navbatida, O‘zbekiston yetakchisi va ko‘p millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan samimiy qutlab, bardavom taraqqiyot va ravnaq tilagan.
Shuningdek, Lukashenkoning o‘tgan yil fevral oyida O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Turli darajalardagi muloqot va almashinuvlar samarali bo‘layotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Bildirilishicha, tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 30 foizga oshgan.
“Yetakchi korxonalarning qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda”, deyiladi xabarda.
Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko bo‘lajak ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqqan.
Ma’lumot uchun, Aleksandr Lukashenko 1954 yilda tug‘ilgan. Bugun, 30 avgust kuni u 71 yoshga to‘ldi. Lukashenko 1994 yilning iyulidan beri Belarusni boshqarib kelmoqda.