Mirziyoyev koronavirusdan keyingi to‘ylar qanday o‘tkazilishini ma’lum qildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 23 martidan e’tiboran “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq O‘zbekiston fuqarolarini sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosim singari ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi bekor qilindi. Ushbu marosimlarni zarur bo‘lgan taqdirdagina ixcham holda, yaqinlari bilan birga 10-15 kishi ishtirokida o‘tkazish tavsiya etildi. Shundan keyin ham mamlakatda to‘y, tug‘ilgan kun va oilaviy marosimlar uyushtirganlar uchradi. Ayrimlar bunday tadbirlarda koronavirus yuqtirib olgani aniqlandi. Cheklovlarni pisand qilmay, marosim o‘tkazganlar javobgarlikka tortildi. 

Bugun, 13 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida pandemiya davridan keyin aholi turmush tarzida odatga aylanishi kerak bo‘lgan choralar xususida so‘z bordi. Unda davlat rahbar to‘ylar masalasiga ham to‘xtaldi. 

“Umuman, koronavirus yo‘qolganidan keyin ham xalqimiz karantin paytidagi ayrim qoidalarni o‘zining odatiy turmush tarziga aylantirishi zarur. Jumladan, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilish, qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish, dezinfeksiya qilish, turli to‘y-marosimlarni juda cheklangan tarkibda o‘tkazish, yuqumli kasal bo‘lsa, maska taqish odatiy qoidaga aylanishi zarur”, deydi davlat rahbari. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatda karatin tugamaganini qayta va qayta takrorlab, karantin cheklovlarining yumshatilishi aholi daromadlarini tiklash va iqtisodiyot tarmoqlarini ishga tushirish bilan bog‘liqligini urg‘uladi. Jumladan Prezident shunday deydi: 

“Barchangiz ko‘rib turibsiz, biz pandemiyani jilovlashga juda katta kuch sarflayapmiz. Bu borada ancha qiyin va og‘ir yo‘lni bosib o‘tdik. Og‘ir yo‘lni tanlaganmiz, lekin bu yo‘l o‘zining samarasini sekin-sekinlik bilan beryapti. Boshqa yo‘l yo‘q. 

Xalqimiz karantin boshlangan dastlabki kunlardagi tashvishli vaziyat yana qaytarilishini mutlaqo istamaydi. Qaysidir viloyat, qaysidir hudud, qaysidir korxona karantinga rioya qilmasa, darrov yoptiraman. Agar karantin normalariga rioya qilmasa, hokimiga ham, korxona rahbariga ham jinoiy javobgarlik bilan yoptiraman. 

Bir haqiqatni barchamiz aniq tushunib olishimiz shart: pandemiya sharoitida biz joriy etgan yangi tizimning qanchalik samarali ishlashi faqat va faqat o‘zimizga bog‘liq”.
 


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda to'ylar

Baholaganlar

4152

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing