Mirziyoyev Kinochilar saroyini borib ko‘rdi
Jamiyat
−
16 may
9609Shavkat Mirziyoyev Kinochilar saroyini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu maskan 2021 yil mukammal ta’mirlanib, sharoitlari yangilandi. Katta-kichik zallar, yozgi kinoteatr va xonalar zamonaviy jihozlangan. Bugun bu yerda jami 3 ming nafar tomoshabinni qabul qilish imkoni mavjud.
Davlat rahbari dastlab O‘zbekiston kino san’ati muzeyini ko‘zdan kechirgan. Muzey 1972 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ilgari muzey-arxiv sifatida faoliyat yuritgan. Unda ellik mingdan ortiq tarixiy buyum, libos, rasm va kinotasmalar bor.
Endilikda muzey Kinochilar saroyiga ko‘chirilib, ko‘rgazmaga qo‘yildi. Birinchi qavatda o‘zbek kinosining tarixi va asoschilari, so‘nggi yillardagi yutuqlariga bag‘ishlangan.
Ikkinchi qavatda tarixiy filmlardagi liboslar, atoqli kinoijodkorlar hayoti va faoliyati aks ettirilgan. Ahamiyatlisi, kino ko‘rish istagida kelgan borki, shu tarix bilan tanishib o‘tadi.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda rejissyor va aktyorlar, kinoshunoslar, soha mutasaddilari bilan suhbatlashgan.
“So‘nggi yillarda milliy kinomiz qayta uyg‘ondi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Yuqori saviyali, zamonaviy sifatli filmlar paydo bo‘ldi. Buning uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman. Shu bilan birga, kinematografiyani rivojlantirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak, degan savol meni o‘ylantiradi. Agar tariximizni dunyoga tarannum etmoqchi bo‘lsak, xalqimizning milliy g‘ururini ko‘tarmoqchi bo‘lsak, buni birinchi navbatda kino yordamida amalga oshirishimiz kerak”, degan davlat rahbari.
Muloqotda prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Tirik tarix” turkumidagi filmlar loyihasi taqdimot qilindi. Bu 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan strategik dastur bo‘lib, eng qadimgi o‘tmishdan tortib, yaqin tariximizgacha bo‘lgan juda katta davrni qamrab oladi.
Jumladan, miloddan avvalgi VI asrda yashagan milliy qahramonimiz Shiroq haqida, milliy davlatchilik tarixida o‘chmas iz qoldirgan Alp Er To‘nga, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar haqida, shu paytgacha yetarli o‘rganilmagan shayboniylar haqida, qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz va boshqa mashhur adiblar haqida, buyuk allomalar va milliy istiqlol kurashchilari haqida hikoya qilinishi ko‘zda tutilgan.
Loyihada chet ellik hamkorlar, xususan, Ispaniya, Germaniya, Vengriya, Rossiya, Belarus, Turkiya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston kabi davlatlarning kino san’ati ustalari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
“Albatta, bu dastur va g‘oyalarni amalga oshirish uchun ko‘p moddiy imkoniyat talab etilishini, yuzlab iste’dodli mutaxassislar zarurligini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz tom ma’nodagi ulkan, tarixiy bu loyihaning moliyaviy masalalarini hal qilamiz. Nega deganda, ushbu dastur shonli o‘tmishimizni chuqur anglab, shu asosda kelajakka ishonch bilan dadil qadam qo‘yishga, yoshlarni chinakam vatanparvar insonlar qilib tarbiyalab, Uchinchi Renessansni barpo etishga katta turtki bo‘ladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi