Mirziyoyev xususiy OAVda puxta taklif berilayotganini aytdi
Jamiyat
−
20 iyun 2022
7440O‘zbekiston xususiy ommaviy axborot vositalari faol ishlayapti va yaxshi takliflarini oshkora ilgari surmoqda. Bugun, 20 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda OAV faoliyatiga to‘xtalib, shunday fikr bildirdi.
“Nima uchun bugun ham OAV to‘g‘risida ko‘proq gapiryapmiz? Ular yaxshi tomonimizni ham yomon tomonimizni ham yoritadigan jarchi. Men har safar qayerga borsam nima uchun OAV xodimlari bilan uchrashib, gaplashaman? Bilasizmi, o‘zingiz tasavvur qiling 5 yil oldin OAVda bitta televizordan boshqa nima bor edi? Hech balo yo‘q edi-ku. Press-klub yoki boshqa-boshqa yo‘nalishlar bormidi?”, deydi davlat rahbari.
Shuningdek, Prezident bugungi kunda xususiy OAV faoliyatiga baho berib, ularda berilayotgan takliflar mukammal ekanini urg‘uladi.
“Hozir hamma xususiy kanallarni qaranglar. Har kuni 10 xil fikr, 20 ta emas, 30 tadan taklif bor. Men o‘zim kechqurun bo‘lsa ham uxlamasdan ko‘rganimda, yozib olaman. Takliflarning 50-60 foizi juda mukammal va to‘g‘ri. Ko‘p narsalar davlat telekanallarda yo‘q, xususiyda bor. Odamlarni gapirtiryapti ular, odamlar o‘z fikrini aytyapti. Kechirasizlar, “5 yilda yana qanday islohotlar yoki emin-erkinlik kerak?”, degan savolga ham javob topishimiz kerak-ku. Shuning uchun bularning hammasini amalga oshirish bo‘yicha bizga siyosatimizning bardavomligi kerak. Hayotimizning vatanimizning tinchligi kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.