Mirziyoyev Xitoy Bosh vaziri bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifini XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuvdan boshladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xalq yig‘inlari uyida o‘tgan uchrashuvda ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

XXR hukumati rahbari ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari barcha soha va yo‘nalishlarda misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilganini aytgan.

“O‘tgan yilda tovar ayirboshlash 50 foizga oshib, rekord ko‘rsatkich – 14 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkichni, shu jumladan yuqori sifatli sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga 20 milliard dollarga yetkazish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 14 milliard dollardan oshdi”, deyiladi xabarda.

Mirziyoyev va Syan infratuzilmani modernizatsiya qilish, sanoat kooperatsiyasini, qishloq xo‘jaligida texnologiyalar transferini kengaytirish va “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha alohida hamkorlik dasturlarini tayyorlash masalalarini muhokama qilgan.

Shuningdek, Xitoyning yetakchi bank-moliya institutlari bilan amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda Xitoy kompaniyalarining O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishi istiqbollari ko‘rib chiqilgan.

Bundan tashqari, kecha, 22 yanvar kuni Urumchi shahrida o‘tgan birinchi O‘zbekiston-Xitoy hududlar forumi va sanoat ko‘rgazmasi natijalari yuqori baholangan.

Xitoyda shu kunlarda ta’lim forumi va O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani qayd etilgan. Tomonlar aviaqatnovlar va sayyohlik almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini ta’kidlagan.

Yakunda Prezident Mirziyoyev XXR Davlat kengashi Bosh vazirini tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasiga yetib borgandi. Uni "Shoudu" xalqaro aeroportida XXR Madaniyat va turizm vaziri Sun Yeli va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Xitoy Li Tsyan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing