Mirziyoyev Quvayt valiahdi bilan uchrashdi
Olam
−
18 fevral
2025Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 fevral kuni Al-Kuvayt shahriga tashrif doirasida ushbu mamlakat valiahdi Shayx Saboh as-Saboh bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Suhbat boshida Mirziyoyev valiahdga samimiy qabul va alohida e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar, hukumat a’zolari va yetakchi kompaniyalar bilan sermahsul uchrashuvlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Kuvayt munosabatlarini kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lishi ta’kidlandi.
Oliy va yuqori darajada yaqin muloqot va almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi. Investitsiyalarni jalb qilish uchun platformani tez fursatda ishga tushirish, agrosanoat majmui, transport va logistika, sog‘liqni saqlash, ta’lim, farmatsevtika, infratuzilma va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishib olindi.
“Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti doirasidagi tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston rahbari Quvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al as-Sabohning taklifiga binoan 17 fevral kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga yetib bordi. Mirziyoyev hamda Shayx Mish’al as-Saboh Al-Quvayt shahridagi “Al-Bayan” saroyida tor doirada uchrashuv hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Muzokaralar yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev sharafiga Quvaytdagi diplomatik missiyalar rahbarlari ishtirokida tantanali qabul marosimi uyushtirildi. Shuningdek, Mirziyoyev Quvaytga tashrifi doirasida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda ushbu mamlakat Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi, Ichki ishlar vaziri Shayx Fahd as-Saboh boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




