Mirziyoyev qozog‘istonlik bir guruh rasmiylarni mukofotladi
Jamiyat
−
26 avgust
4248Qozog‘iston Respublikasining davlat va jamoat arboblaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni e’lon qilindi.
Farmonga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasining Davlat maslahatchisi Karin Yerlan Tinimbayuli, Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining ichki siyosat va kommunikatsiya masalalari bo‘yicha yordamchisi Jeldibay Ruslan Sultanuli, Bosh vazir o‘rinbosari Serik Makashevich Jumangarin, Madaniyat va axborot vaziri Aida Galimovna Balayeva, Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Beybut Bakirovich Atamkulov hamda Qozog‘iston Respublikasi O‘zbeklar etnomadaniy birlashmalari uyushmasi raisi Ikrom Akromovich Xoshimjonov O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Qayd etilishicha, ular O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni amaliy ma’no-mazmun hamda muhim tashabbuslar bilan boyitish, ustuvor yo‘nalishlardagi aloqalarni kengaytirish va har tomonlama rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni faol ilgari surishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, shuningdek, ikki xalqning ko‘p asrlik do‘stligi va hamjihatligini yanada mustahkamlash yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun mukofotlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Razzaqovich Bobojonov I darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangandi.
LiveBarchasi