Mirziyoyev Qirg‘izistondagi sammitda Yevropa bilan 7 ta yo‘nalishdagi hamkorlikka urg‘u berdi
Jamiyat
−
02 iyun 2023
6387Bugun, 2 iyun kuni Issiqko‘lning shimoliy qirg‘og‘idagi Cho‘lponota shahrida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov raisligida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammiti bo‘lib o‘tdi.
Unda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Bosh vaziri o‘rinbosari Nurmuhammet Amannepesov va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ishtirok etdi.
Japarov o‘zining tabrik so‘zida hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va YeI o‘rtasidagi sheriklik yo‘nalishidagi muloqotni chuqurlashtirish yo‘llari muhokama qilinishini aytdi.
“Ikkinchi sammitni Qirg‘izistonda o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiraman. Bugungi uchrashuv keng ko‘lamli masalalar yuzasidan fikr almashish, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlash imkonini berishiga chin dildan ishonaman”, degan Japarov.
Sammitda so‘z olgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi orasidagi 7 yo‘nalish – savdo, transport yo‘laklarini shakllantirish, investitsiyaviy va texnologik sheriklik, raqamli o‘zaro bog‘liqlik sohasida Yevroittifoq bilan yaqindan hamkorlik qilish, iqlim sohasidagi xatarlarga qarshi kurashish, turizmni rivojlantirish va yoshlar ta’limiga investitsiya kiritish masalalariga e’tibor qaratgan.
Bundan tashqari, Mirziyoyev ekstremizm va radikalizm, odam savdosi, uyushgan va kiber jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda chegaralarni qo‘riqlash sohasida yangi sheriklik dasturlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblashini bildirgan va shu maqsadda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning yangi kun tartibi” mavzusida ekspertlar konferensiyasini o‘tkazishni taklif etgan.
Shuningdek, Prezident Mirziyoyev Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat tez sur’atda yomonlashib borayotganini ta’kidlagan.
“Shu munosabat bilan sheriklarimizni afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami hajmini kamaytirmaslikka chaqiramiz. Shu maqsadda Termizdagi logistika xabi imkoniyatlarini bundan buyon ham taqdim etishga tayyormiz”, degan Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqi oxirida “Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi” formatidagi sammitni kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazish borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirgan.
Ma’lumot uchun, “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti 2022 yil oktabr oyida Ostona shahrida (Qozog‘iston) bo‘lib o‘tgan.
LiveBarchasi