Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidenti bilan koronavirus pandemiyasini muhokama qildi
Jamiyat
−
27 mart 2020
4815O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 mart kuni Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari qadimdan mintaqada keng nishonlanib kelinayotgan, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, tarix, madaniyat va an’analar mushtarakligini ifoda etuvchi bahor va yangilanish bayrami – Navro‘z munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, eng ezgu tilaklarini bildirdilar.
O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi rahbarlari koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq joriy epidemiologik vaziyatni muhokama qildilar.
Ushbu pandemiyaga qarshi samarali kurashish, shuningdek, uning oqibatlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish va o‘zaro ko‘makni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Prezidentlar, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirishga doir hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar.
Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 88 nafarni tashkil etmoqda. Mamlakatda ushbu virus sabab bitta o‘lim holati qayd etildi. Qirg‘izistonda esa kasallanganlar 58 nafarga yetgan. Vafot etganlar va tuzalganlar yo‘q.
LiveBarchasi