Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazini borib ko‘rdi
Jamiyat
−
29 avgust 4669 4 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 29 avgust kuni Islom sivilizatsiyasi markaziga borib, so‘nggi pardozlash va jihozlash ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur ulkan va noyob loyiha O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 23 iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018 yilda bo‘lib o‘tgan Ramazon hayiti kuni unga poydevor qo‘yilgan edi. Bugungi kunda bunyodkorlik ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Mahobatli inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uyg‘unligi unga alohida ko‘rk bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.

Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerga musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mushafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitob nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham o‘rin oladi.
Prezident ushbu zaldagi so‘nggi pardozlash ishlarini ko‘rib, mutasaddilarga o‘z tavsiyalarini berdi. Markazda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. Bu yerda turli xalqaro uchrashuvlar anjumanlar o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan, eng so‘nggi rusumdagi texnika vositalari bilan jihozlangan.

“O‘zbekiston ulug‘ tarixga ega. Buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy va madaniy meros insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Ular bilan dunyo hamjamiyatini xabardor qilishda ushbu markazning o‘rni beqiyos bo‘lishiga ishonaman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi. Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida ma’lumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritilgan.

Ayni vaqtda majmuada Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadanbegim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan mashhur ayollarning ilm-ma’rifat homiysi sifatidagi faoliyati ham o‘z ifodasini topgan.
Markazda ulug‘ ajdodlar merosini chuqur tadqiq qilish, uni bugungi kunning o‘tkir muammolariga javob bera oladigan hayotbaxsh kuchga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi va boshqa xalqaro ilmiy-ma’rifiy tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, zamonaviy tahdidlarga munosib ilmiy javoblar topiladi.
Davlat rahbari markazdagi bunyodkorlikni yuqori baholab, uning faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, ma’no-mazmunini boyitib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

“Sakkiz yil davomida bu yerda katta mehnat qilindi. Shunday salobatli va chuqur mazmunli markaz qurdik. Bu yerga keladigan mehmonlar xalqimizning boy tarixi, ajdodlarimiz bilim va tafakkuriga tan beradi, o‘ziga katta ma’naviy quvvat oladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident markazga tutash hududda barpo etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish inshootlari bilan ham tanishdi. Bu kelgusida turizmni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga 31 avgust Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yig‘ilgandi. Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Vatan fidoyilari haqqiga Qur’on tilovat qilindi. Elga osh tortildi. Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda ulamo va ziyolilar bilan tarixni o‘rganish va yoshlarga o‘rgatish, mustaqillik va tinchlikni qadrlash haqida muloqot bo‘ldi. Prezident “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘yish marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahar jamoatchiligi vakillari ham ishtirok etdi. Mirziyoyev Toshkent shahrining Yangi O‘zbekiston ko‘chasida barpo etilgan yerosti avtomobil yo‘lini ham ko‘zdan kechirdi.
Live
Barchasi