Toshkentda yangi yerosti avtomobil yo‘li ochildi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 29 avgust kuni Toshkent shahrining Yangi O‘zbekiston ko‘chasida barpo etilgan yerosti avtomobil yo‘lini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va transportlar harakatiga qulaylik yaratish – muntazam jarayon. Bu, ayniqsa, aholi soni oshib, hududi kengayib borayotgan Toshkent uchun dolzarb masala. 

Ma’lumki, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston ko‘chasida istirohat bog‘i, uy-joylar, universitet va Olimpiya shaharchasi qurildi. Bu ko‘cha kelgusida Yangi Toshkent shahriga olib boruvchi asosiy yo‘llardan biri bo‘ladi. 

Shu bois, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab uzunligi 468, kengligi 25 metr bo‘lgan yerosti avtomobil yo‘li barpo etilgan. U soatiga 10 mingdan ziyod avtomobilni o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Tunnelning usti yashil hududga aylantirilib, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i bilan Olimpiya shaharchasi o‘rtasida piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlangan.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishda loyihalashtirilgan metro yo‘li uchun tunnel va bekat ham qurilgan. 

Bildirilishicha, Yangi O‘zbekiston ko‘chasida barpo etilgan yerosti avtomobil yo‘li mashinalarning vaqt sarfini 2 barobarga qisqartirib, kuniga 1 tonna yonilg‘i iqtisod qilinishiga va atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdori 2 tonnaga kamayishiga sabab bo‘ladi.

Davlat rahbari yerosti avtomobil yo‘lining zamonaviy standartlar asosida tashkil etilganiga e’tibor qaratdi. Bu kabi ravon yo‘llar xalq uchun qulaylik yaratib, turizm rivojiga hissa qo‘shishi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga 31 avgust Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yig‘ilgandi. Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Vatan fidoyilari haqqiga Qur’on tilovat qilindi. Elga osh tortildi. Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda ulamo va ziyolilar bilan tarixni o‘rganish va yoshlarga o‘rgatish, mustaqillik va tinchlikni qadrlash haqida muloqot bo‘ldi. Prezident “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘yish marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahar jamoatchiligi vakillari ham ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Shavkat Mirziyoev erosti avtomobil' yo'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing