Toshkentda yuqori sinf o‘quvchilari 9 yashar bolaga temir braslet yedirdi (video)
3-sahifa
−
17:33 1843 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 151-maktabning yuqori sinf o‘quvchilari 3-sinf o‘quvchisiga temir braslet yedirgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 2 sentyabr kuni Yashnobod tumanidagi 151-maktabning 3-sinf o‘quvchisi T. M. maktab hojatxonasiga chiqqanda, yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan uning og‘ziga noma’lum jism solingan.
Qayd etilishicha, joriy yilning 5 sentyabr kuni o‘quvchining onasi o‘g‘lining sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli uni shifoxonaga olib borgan hamda tibbiy tekshiruvlar natijasida bolaning ichki qismida noma’lum jism borligi aniqlangan.
“Hozirgi vaqtda o‘quvchiga barcha tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan hamda uning ahvoli qoniqarli holatda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, ayni vaqtda sodir bo‘lgan voqea yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda va uning yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda 36 yoshli ota 9 yoshli qizini jazolash maqsadida qiynab, uning og‘ziga majburlab hayvon tezagini solgan edi.
Live
Barchasi