Mirziyoyev ishsiz yurgan 92 ming bitiruvchini ishga joylashtirish yo‘lini aytdi
Jamiyat
−
08 avgust 14624 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev hozirda band bo‘lmagan 92 ming bitiruvchini ishga joylashtirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Bu haqda u bugun, 8 avgust kuni oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Bildirilishicha, 20 ming nafar bitiruvchi magistratura va ikkinchi mutaxassislik bilan qamrab olinadi. Yana 20 ming nafar bitiruvchini 10 mingga yaqin korxonadagi staj talab qilmaydigan ish o‘rinlariga joylashtirish mumkin.
Shuningdek, har bir viloyatda biznes-inkubatorlar tashkil qilib, ularda tadbirkorlik startaplari, marketing, dizayn, AT xizmatlari orqali 15-20 ming bitiruvchini band qilish topshirildi.
Bundan tashqari, kimyo, energetika, geologiya, avtosanoat, metallurgiya, farmatsevtika tarmoqlarida 10 ming muhandis, texnolog, operator, standartlash, sifat nazorati, moliya, iqtisodiyot yo‘nalishi bitiruvchilarini ishga joylash imkoniyati bor. Shuningdek, to‘qimachilik, charm, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat kabi mahalliy sanoat tarmoqlarida 5-7 ming bitiruvchini doimiy ish bilan ta’minlash mumkin.
Mutasaddilarga 6 ming bitiruvchini transport, logistika, yo‘l, qurilish, kommunal sohalar bilan qamrab olish, pedagogika, tibbiyot, ijtimoiy himoya, madaniyat, san’at sohalari muassasalari va o‘quv markazlarida 10 ming bitiruvchini ishli qilish topshirildi. Yana 30 ming bitiruvchiga esa biznesini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashiladi.
Shu bilan birga, bundan buyon bitiruvchilarni ishga joylashda o‘zini o‘zi band qilganlik inobatga olinmasligi belgilandi.
Davlat rahbari uyushmagan yoshlar bilan ishlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Shundan 115 ming nafarining bandligini ta’minlash masalasi vazirlik, viloyat va tuman rahbarlari tomonidan hal qilinmoqda. 52 ming tarbiyasi og‘ir yoshlar huquq-tartibot xodimlari tomonidan otaliqqa olingani ham natijasini ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, qolgan 5,5 ming ishsiz, 31 ming tarbiyasi og‘ir yoshlar va o‘qishdan chetlatilgan 3 ming talaba bilan tizimli ishlab, hayotda o‘z yo‘lini topishi uchun yordam berish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga hokimlar, mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birgalikda 9 ming uyushmagan va o‘qishdan chetlatilgan yoshni tadbirkorlik, xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘rgatib, ishli qilish topshirildi. Mas’ullar oldiga 31 ming tarbiyasi og‘ir yoshlarni kasb va til to‘garaklari, sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Live
Barchasi