Mirziyoyev Germaniyaning 30 ga yaqin kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda germaniyalik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 5 milliard yevrodan ziyod 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugun, 3 may kuni Germaniyaga tashrifi doirasida mamlakatning 30 ga yaqin yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi

Xabar qilinishicha, Germaniya tomonidan tadbirda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi, Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi, Germaniya energetika agentligi, “CLAAS”, “Knauf”, “Siemens Energy”, “Lasselsberger”, “Aurubis”, “Linde Group”, “Gunter Papenburg”, “Falk-Porsche-Technik”, “Mangold Consulting”, “DB Engineering”, “Landesbank”, “Commerzbank”, “KfW Bank”, “Deutsche Bank” kabi o‘ttizga yaqin eng yirik kompaniya va banklar rahbarlari qatnashdi.

Bunday formatdagi muloqot ilk bor 2019 yil yanvarida, davlat rahbarining GFRga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan. Natijada O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha bir qator yuqori texnologik loyihalar ishga tushirilib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik sezilarli ravishda faollashdi.

O‘zbekiston Prezidenti uchrashuv boshida Germaniya bilan munosabatlarda yuksak ishonch va o‘zaro hurmat qaror topganini alohida qayd etgan. O‘zbekistonda germaniyalik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 5 milliard yevrodan ziyod 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilayotgani ma’lum qilingan.

Oxirgi yillarning o‘zida Germaniya investitsiyalari hajmi 4 milliard yevroni tashkil qildi, qo‘shma korxonalar soni ikki barobarga ko‘paydi. O‘zbekistonda “CLAAS”, “Knauf”, “Gunter Papenburg”, “Linde Group” va “Falk-Porsche-Technik” kabi Germaniya iqtisodiyotining “lokomotivlari” muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.

Kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston-Germaniya biznes forumi doirasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va texnologik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha 9 milliard yevrolik yangi savdo, moliya va investitsiya bitimlari imzolangan.

“Yashil” energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish, metallurgiya, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, kimyo, tog‘-kon, avtomobil, to‘qimachilik, elektrotexnika sanoati va boshqa yo‘nalishlardagi katta loyihalar shular jumlasidan.

Bank-moliya sohasida, shu jumladan Germaniyaning “Deutsche Bank”, “Commerzbank”, “KfW” va “Landesbank” kabi eng yirik banklari bilan loyihalarni moliyalashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston jahon iqtisodiyotidagi keng ko‘lamli va jiddiy tebranishlar sharoitida Germaniya biznesi uchun samarali va ishonchli makon bo‘lishga tayyorligini ta’kidlagan. Shu maqsadda investorlar uchun zarur sharoitlar va imkoniyatlar, qulay fiskal tizim yaratilgan – soliqlar soni kamaytirilgan, QQS stavkalari pasaytirilgan, bir qator bojxona bojlari bekor qilingan. 

“Xorijiy investor O‘zbekiston deganda, birinchi navbatda, barqarorlik, ishonchlilik va kelajak uchun xotirjamlikni ko‘z oldiga keltirishi lozim. Har bir germaniyalik tadbirkor mamlakatimizda o‘zini erkin va dadil his etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Germaniyaning ilg‘or ishlanmalari va innovatsion texnologiyalarni O‘zbekistonning resurslari va inson salohiyati bilan birlashtirsak, katta natijalarga erisha olamiz”, deydi Prezident.

GFR ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyatini yuqori baholagan.

“Uchrashuvda Germaniya kompaniyalari rahbarlari aniq takliflarini aytdi. Ustuvor sohalarda yuqori texnologik va innovatsion yechimlarni joriy qilgan holda amaliy hamkorlikni davom ettirish va kooperatsiyani kengaytirishga tayyorligini bildirdi”, deyiladi xabarda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashga topshiriq berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing