Mirziyoyev G20 doirasidagi onlayn-sammitda nutq so‘zladi
Jamiyat
−
12 yanvar 2023
6216O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 yanvar kuni Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi raisligida onlayn shaklda o‘tkazilgan “Global Janub ovozi” sammiti yalpi majlisida nutq so‘zladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Hindistonning “Katta yigirmatalik”ka (G20) raisligi doirasida tashkil etilgan tadbirda Vetnam, Gayana, Mozambik, Senegal Bangladesh, Mo‘g‘uliston, Tailand, Kamboja, Papua-Yangi Gvineya rahbarlari qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, inson manfaatlariga yo‘naltirilgan barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilindi. Iqtisodiyot, ekologiya, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish, innovatsiyalar, turizm va boshqa yo‘nalishlardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr va aniq takliflar almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugungi xalqaro vaziyatda kuzatilayotgan dolzarb tendensiyalarga baho berib, rivojlanayotgan mamlakatlar oldida turgan asosiy ustuvor vazifalar borasida fikr bildirdi.
“Bugungi kunda jahon hamjamiyati turli qarama-qarshilik va ziddiyatlarning keskinlashuvi, iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlariga duch kelmoqda. Biz xalqaro munosabatlarda ochiq muloqot va o‘zaro ishonchning tobora kamayib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz”, dedi Mirziyoyev.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani va ikki xalq o‘rtasidagi umumiy manfaatlarga xizmat qilayotgani qayd etildi.