Mirziyoyev Farg‘onaga tashrifini Oltiariq tumanidan boshladi
Jamiyat
−
12 may 2022
10609O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi Oltiariq tumanidan boshlandi. Prezident tuman chekkasidagi ming gektar adirlikda tashkil etilgan uzumchilik va bog‘dorchilik plantatsiyasi bilan tanishgan.
Qayd etilishicha, ilgari bu joy hech narsa ekilmaydigan quruq yer bo‘lgan. Qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish borasidagi ishlar natijasida xalqimiz rizq-ro‘zi uchun ming gektar yangi manba paydo bo‘lgan. Buning uchun quduqlar va hovuzlar qazilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zlashtirilgan maydonlarning 560 gektarida tokzor barpo etilib, “xusayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “kishmish” kabi xaridorgir uzum navlari ekilmoqda. 300 gektarlik intensiv bog‘da olma, gilos, o‘rik ko‘chatlari o‘tqazilmoqda.
Qator oralariga tarvuz ekilgan. Bozor talabiga qarab, qalampir, bulg‘or qalampiri, bodring, ko‘katlar va boshqa poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Bular aholi daromadi, mamlakat eksportini oshirish uchun qo‘shimcha manba bo‘ladi.
"Farg‘ona qishloq xo‘jaligida katta natijalarga erishayapti, odamlarning dunyoqarashi o‘zgarayapti, dehqonlar eksportga chiqyapti. Lekin kechagi natija bugunga to‘g‘ri kelmaydi. Doim izlanishda, harakatda bo‘lishimiz kerak. Mana, salgina sharoit yaratilgani uchun shuncha joy bog‘ bo‘ldi. Hali ichki imkoniyatlarimiz juda ko‘p. Bu imkoniyatlarni “inson qadri” tamoyili asosida xalqimiz manfaatiga yo‘naltirish kerak. Vodiy gavhari Farg‘ona bunda namuna bo‘lishi kerak", degan Shavkat Mirziyoyev.
Bu yer zamonaviy agrosanoat majmui bo‘ladi - 1 ming 500 tonna sig‘imli muzlatkichli ombor, maishiy xizmat shoxobchalari barpo etiladi. 6 ta minitraktor, 10 ta yuk mashinasi sotib olinadi. Bog‘ va tokzorlar aholiga bo‘lib beriladi. Bu mirishkor oltiariqliklar uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Davlat rahbari shu yerda farg‘onalik dehqonlar va klaster rahbarlari bilan suhbatlashdi.
"Bu bog‘ va tokzorlar aholiga xususiylashtirib beriladi. Mulkdor qancha ko‘p bo‘lsa, mas’uliyat ko‘p bo‘ladi, xaridorlarning, chet ellik hamkorlarning tadbirkorga ishonchi bo‘ladi, odamlar ko‘proq daromad oladi", deydi Prezident.
Hududda 3 mingdan ortiq ish o‘rni ochilishi aytildi. Ularga ishsiz yoshlar va ehtiyojmand oilalar, jumladan, xorijdan qaytib kelgan mehnat muhojirlari ishga olinadi.
Prezidentimiz shunday ishchilar bilan suhbatlashdi.
Shu yerda Farg‘ona viloyatida meva-sabzavotchilik va gulchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar taqdimot qilindi.
LiveBarchasi