Mirziyoyev: “Farg‘onada yashovchi ayol Umradan qaytib, 120 kishilik marosim o‘tkazgan”
Jamiyat
−
26 mart 2020
17977Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev koronavirus pandemiyasining mamlakatga tarqalishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani va xalqqa murojaat yo‘llagani haqida xabar bergan edik.
Davlat rahbari murojaati davomida joylarda mas’ullarning ko‘z oldida odamlarni yig‘ib, dabdabali marosimlar o‘tkazish davom etayotganiga urg‘u berdi.
“Viloyat, shahar va tuman, 4 ta sektor rahbarlarining epidemiologik osoyishtalik uchun shaxsiy javobgar ekanligi haqida qat’iy ogohlantiraman. Sizlar koronavirus infeksiyasining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, karantin rejimini buzishning barcha salbiy oqibatlarini aholiga tushuntirish bo‘yicha tunu kun ishlashingiz shart.
Mahalla fuqarolar yig‘inlariga ham ko‘p e’tirozlarim bor. Joylarda mahalla faollarining roli umuman sezilmayapti. Mahalla raislarining ko‘z oldida ayrim fuqarolar ko‘p odamlarni yig‘ib, dabdabali marosim va tadbirlarni o‘tkazishni davom ettirmoqda.
Misol uchun, Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani Beruniy mahallasida yashovchi ayol Umradan qaytib kelib, uyda karantinda bo‘lish talablarini qo‘pol ravishda buzib, ertasi kuni 120 nafar kishini chaqirib, dabdabali marosim o‘tkazgan. Oqibatda uning 4 nafar oila a’zosi infeksiya yuqtirgani aniqlandi. Yana qancha odam kasallangani hali noma’lum.
Shu bois karantin qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish to‘g‘risida parlamentimiz qabul qilgan qonunni imzoladim. Ushbu qonunga asosan, bundan buyon karantin davrida atrofidagi insonlarning sog‘lig‘i va hayotini xavf ostiga qo‘yganlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini qat’iy ta’minlashi shart”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda mamlakatda 65 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi