Mirziyoyev ertaga Olmaotaga boradi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan ertaga, 29 mart kuni oliy darajadagi norasmiy uchrashuv o‘tkazish uchun amaliy tashrif bilan Olmaota shahrida bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlash masalalari hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda faol hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish e’tibor markazida bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 2023 yil 3 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ostonada emas, Toshkentda emas, aynan kutilmaganda Chimkentda norasmiy uchrashgan edi. Mirziyoyevning Chimkentga bor-yo‘g‘i bir necha soatlik tashrifi AQSHning o‘sha paytdagi davlat kotibi Entoni Blinkenning 2023 yil 28 fevral kuni avval Qozog‘istonga, so‘ng 1 mart kunlari O‘zbekistonga safaridan keyin yuz bergandi. O‘shanda Mirziyoyev va To‘qayev AQSH bilan munosabatlarga bog‘liq masalalarni muhokama qilganmi yo yo‘q, bunisi mavhum. Ammo Blinken o‘z tashrifida ikki davlatni ham Rossiyadan kutilayotgan agressiyadan ogohlantirib ketgan edi. Mirziyoyev va To‘qayevning keyingi uchrashuvi 2024 yil 5 aprel kuni Xorazmda bo‘lib o‘tdi. Ahamiyatlisi shundaki, ushbu uchrashuv yana AQSH rasmiylarining Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifidan keyin yuz beryapti. Xususan, amerikalik senator Stiven Deyns joriy yilning 26 mart kuni avvaliga Qozog‘istonga bordi. So‘ng Vakillar palatasi qo‘mitasi raisi, kongressmen Mayk Rojers hamrohligida O‘zbekistonga kelib, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov bilan uchrashdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi. Prezidentlar Mirziyoyev va To‘qayevning Xorazmdagi uchrashuvi amerikalik rasmiylarning tashrifi bilan qanchalik bog‘liqligi ma’lum emas. 

Bu safar esa Prezidentlarning norasmiy uchrashuvi Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallasning ikki davlatga safari ortidan bo‘lib o‘tmoqda. Kallas kecha, 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, bugun, 28 martda esa Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing