Mirziyoyev Erdo‘g‘an va Yildirimga ta’ziya bildirdi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 16 mart kuni Turkiya poytaxti Anqara shahrida Turkiy Davlatlar Tashkilotining favqulodda vaziyatlarni boshqarish va gumanitar yordam ko‘rsatish borasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qatnashib, Rajab Toyib Erdo‘g‘anga joriy yilning 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida 7,7 va 7,6 magnitudali ikkita vayronkor zilzila sodir bo‘lgani munosabati bilan ta’ziya bildirdi. 

“Siz, azizlarni Turkiy davlatlar tashkilotining favqulodda sammitida ko‘rib turganimdan mamnunman. Matonatli turk xalqiga va qadrdon birodarimiz Turkiya Respublikasi Prezidenti, muhtaram Rajab Toyib Erdo‘g‘an Janobi Oliylariga barcha hamkasblarim nomidan chuqur hamdardlik bildiraman”, deb gap boshladi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, u Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Aliyevga bugungi navbatdan tashqari yig‘ilishimizni o‘tkazish haqidagi taklifi uchun alohida minnatdorlik bildirdi. 

“Do‘stlarimiz diyorida yuz bergan, misli ko‘rilmagan halokatli zilzila barchamizning qalbimizga cheksiz qayg‘u va iztirob soldi. Zero, bu mudhish ofat natijasida bizning jondan aziz ota-onalarimiz, aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz va farzandlarimiz qurbon bo‘ldi va jabrlandi. Bu yo‘qotishning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.

Ta’kidlash joizki, birodar xalqlarimiz ming yillar davomida turli murakkab vaziyat va muammolarni o‘zaro ahillik, mehr-oqibat va hamjihatlik bilan mardona yengib o‘tganlar.

O‘zbekiston xalqi do‘stlarimiz boshiga tushgan og‘ir kunlarda “Turkiya, biz sen bilan birgamiz!” deya bir tanu bir jon bo‘lib, turk birodarlarimizga yordamga shoshildi.

Biz mudhish fojiada qurbon bo‘lgan o‘n minglab begunoh kishilar xotirasini hech qachon unutmaymiz”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.

Mirziyoyev hayotdan bevaqt ko‘z yumgan barcha insonlarning porloq xotirasiga alohida hurmat bajo keltirish maqsadida har yili 6 fevral sanasini Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni deb e’lon qilishni taklif etdi. 

So‘zi so‘ngida Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiy Davlatlar Tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirimning onasi vafoti munosabat bilan ham ta’ziya bildirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Turkiy davlatlar tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing