Mirziyoyev Erdo‘g‘an bilan kelishib oldi
Jamiyat
−
12 avgust 2019
10316O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 11 avgust kuni Turkiya Respublikasi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qilib, O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashi ilk yig‘ilishiga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasida kelishib oldilar.
Prezidentlar raisligida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashi ilk yig‘ilishi qachon o‘tkazilishi aniq emas. Ammo yig‘ilish Anqarada bo‘lib o‘tadi.
Prezidentlar o‘zaro muloqot davomida bir-birlarini Qurbon hayiti bilan qutlaganlar.
Xabaringiz bor, joriy yilning 5-6 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkiyaning Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Strategiyani rejalashtirish guruhining birinchi yig‘ilishi hamda Turkiyaning dunyodagi elchilarining o‘n birinchi konferensiyasida ishtirok etib, mamlakat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qabulida bo‘lgan edi.
Prezidentlarning telefon muloqoti chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasining faxriy mehmon sifatidagi ishtiroki yuqori baholandi.
Suhbatda turli yo‘nalishlarda imzolangan bitim va loyihalar, erishilgan o‘zaro manfaatli kelishuvlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha tomonlarning intilishi qat’iy va mushtarak ekanligi ta’kidlangan.
Do‘stona va ochiq ruhda kechgan muloqotda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashiga Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning 2018 yilning 30-31 mart – 1 aprel kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi davomida ikki mamlakat rahbarlari tomonidan asos solingan edi.