Mirziyoyev davlat mulkini xususiylashtirishga doir qonunni imzoladi
Jamiyat
−
15 fevral
11924Kecha, 14 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qonunga ko‘ra, davlat mulkini xususiylashtirish quyidagi usullardan foydalangan holda amalga oshiriladi:
- auksion;
- tanlov savdolari;
- muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish;
- raqobatga asoslangan muloqot;
- birja savdolari;
- davlat unitar korxonasini yoki davlat muassasasini mulkiy majmua tarzida xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) davlat ulushi sifatida kiritish;
- davlat ulushlarini va davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) davlat ulushi sifatida kiritish;
- davlat unitar korxonasini yoki davlat muassasasini keyinchalik xususiylashtirish sharti bilan ijaraga berish.
- Shuningdek, quyidagi davlat mulki ob’ektlari xususiylashtiriladi:
- davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari;
- davlat ulushlari (aksiyalari, ulushlari);
- davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari.
Qayd etilishicha, davlat mulki to‘liq yoki qisman xususiylashtirilishi mumkin. Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan xususiylashtirilmaydigan davlat mulki bundan mustasno.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Xususiylashtiriladigan davlat mulkining boshlang‘ich narxi vakolatli davlat organi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan belgilanadi. Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.