Mirziyoyev boksni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda yoshlarning boksga bo‘lgan ommaviy qiziqishini inobatga olib, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) tizimini yanada takomillashtirish, soha mutaxassislarini tayyorlash va ularning moddiy rag‘batlantirilishini yaxshilash, shuningdek, o‘zbek boksining dunyodagi yetakchiligini saqlab qolish va davom ettirish maqsadida:

1. Quyidagilar boksni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

  • boksni aholi o‘rtasida eng ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • boks infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablarga moslashtirish, boks maktablarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ko‘paytirish;
  • boks bo‘yicha professional trenerlar va hakamlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, ilmiy-metodologik bazani yanada kuchaytirish;
  • Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga boksni bosqichma-bosqich kiritish;
  • o‘zbek boksining dunyodagi yetakchiligini saqlab qolish va davom ettirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rish;
  • ayollar boksini rivojlantirish yuzasidan uzoq yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • sport ta’lim muassasalarida boks bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlarini oshirish.

2. Turizm va sport vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston boks federatsiyasi hamda Andijon, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklarining dastlab Andijon viloyati (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari), Buxoro viloyati (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari), Qashqadaryo viloyati (Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari) hamda Toshkent viloyatlarida (Sirdaryo va Toshkent viloyatlari, Toshkent shahri) Turizm va sport vazirligi huzurida boks bo‘yicha oliy sport mahorati maktablarini (keyingi o‘rinlarda – boks maktablari) davlat muassasasi sifatida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

3. Belgilab qo‘yilsinki, boks maktablarida:

  • faoliyat iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish va ularni asosan milliy terma jamoalarga tayyorlashga yo‘naltiriladi;
  • o‘qish 7-sinfdan tashkil etiladi, ta’lim olish muddati 5 yil etib belgilanadi;
  • o‘quvchilarga bepul ta’lim olish, olimpiya zaxiralari kollejlarining o‘quvchilari uchun bir kunlik oziq-ovqat me’yorlariga muvofiq oziq-ovqat bilan ta’minlanish hamda o‘quvchilar turar joyida bepul yashash huquqi beriladi;
  • rahbarlar, trenerlar, sportchilar va boshqa xodimlarga ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.

4. Quyidagilar boks maktablari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;
  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Boks maktablarini qurish va jihozlash bo‘yicha:

  • buyurtmachi etib – Turizm va sport vazirligi huzuridagi “Sport ob’ektlari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi;
  • bosh loyihachi etib – “ToshuyjoyLITI” aksiyadorlik jamiyati belgilansin;
  • bosh pudratchi tashkilot belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolari orqali aniqlansin.

6. Quyidagilar:

  • Boksni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
  • Boksni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2021-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;
  • Boksni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Belgilansinki:

a) Konsepsiya erishilgan natijalar, maqsadli ko‘rsatkichlar va boksni rivojlantirish bo‘yicha tegishli davrga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili alohida tasdiqlanadigan “yo‘l xaritasi” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;

b) “Yo‘l xaritasi” 2021 yilda bajarilishi mo‘ljallangan quyidagi choralarni qamrab oladi:

  • O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida boks bo‘yicha davlat buyurtmasi parametrlarini oshirish;
  • o‘quv-mashg‘ulotlar jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan, virtual raqiblar bilan jang olib borish imkoniyatini beruvchi kompyuterlashtirilgan xonalarni tashkil qilish;
  • bokschilar to‘g‘risida ma’lumotlarni tezkor olish imkonini beruvchi elektron bazani yaratish;

v) Boksni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutadi:

  • 2025 yilgacha sport ta’lim muassasalaridagi boks bilan muntazam shug‘ullanadigan o‘quvchilar sonini 27 minggacha yetkazish;
  • kelgusi 5 yil ichida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 7 ta boks zallarini tashkil etish;
  • boks bo‘yicha terma jamoalarning 46 ga yaqin xalqaro sport musobaqalarida ishtirokini ta’minlash.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududlarda boks zallarini qurish uchun Turizm va sport vazirligining tegishli hududiy boshqarmalari so‘rovnomalariga asosan yer ajratish choralarini ko‘rsin.

8. 2021 yil 1 maydan boshlab boks bo‘yicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) uchun uch bosqichli tizim joriy etilsin:

  • birinchi bosqichda – ta’lim muassasalari, bolalar-o‘smirlar sport maktablaridan saralangan sportchilar o‘rtasida tuman (shahar) musobaqalari;
  • ikkinchi bosqichda – boksga ixtisoslashgan sport maktablari, ta’lim muassasalari va sport klublaridan saralangan sportchilar o‘rtasida hududiy musobaqalar;
  • uchinchi bosqichda – klublararo hamda hududiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari g‘oliblari va sovrindorlari o‘rtasida respublika musobaqalari (“World Series Boxing” misolida).

Bunda, musobaqalar natijalari asosida boks maktablarini iqtidorli sportchilar bilan to‘ldirib borish Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.

9. Turizm va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari va bolalar-o‘smirlar sport maktablarida boks bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini ikki baravarga oshirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

10. O‘zbekiston boks federatsiyasi boks maktablarida zamonaviy ilmiy yutuqlar va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda yuqori malakali trener, trener-seleksioner, funksional tayyorgarlik bo‘yicha trener, hakamlar va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahoratini doimiy oshirib borish maqsadida mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar, trening, master-klasslar, o‘quv darslari tashkil etilishini ta’minlasin.

11. Boks bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulotlar bazasini yaratish maqsadida Turizm va sport vazirligi va Toshkent viloyati hokimligining Toshkent viloyati, Angren shahri, Yangiobod qo‘rg‘oni hududida joylashgan Respublika olimpiya zaxiralari sport kolleji balansidagi 1,5 gektar maydonga ega bo‘lgan sobiq stadion, suzish havzasi, shuningdek, oshxonani 2029 yil 31 dekabrga qadar O‘zbekiston boks federatsiyasiga maqsadli tekin foydalanish huquqi asosida berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. Bunda, mazkur hudud atrofida sport zal, yotoqxona, oshxona hamda boshqa maishiy-xizmat bino va inshootlarni qurish uchun kamida bo‘sh turgan 1 gektar yer maydoni ajratilishi ta’minlansin.

12. Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Zakovat ko‘chasi, 2-uyda joylashgan sobiq Sanoat-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji binosi, shuningdek, sport inshooti va yonidagi sport maydoni O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan investitsiya majburiyati asosida sotib olinishiga rozilik berilsin.

13. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda 2022-2023 yillardagi investitsiya dasturlarini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan boks bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulotlar bazasini va boks maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari uchun markazlashgan kapital qo‘yilmalar limitlari ajratilishini ta’minlasin.

14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan olis hududlarda joylashgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari hamda boks maktablariga jalb qilinayotgan trenerlar va boshqa mutaxassislarni 2025 yil 1 yanvargacha uy-joy bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

15. Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston boks federatsiyasi Toshkent shahrida 2023 yilda rejalashtirilgan boks bo‘yicha Jahon chempionati yuqori darajada o‘tkazilishini ta’minlasin va shu bilan bog‘liq bo‘lgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin.

Belgilansinki:

  • jahon chempionatini o‘tkazish uchun a’zolik badali va mukofot puli bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni qoplash Davlat byudjetining 2022 va 2023 yillardagi parametrlarida ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida bosqichma-bosqich 18 oy davomida, lekin 2023 yil 1 maygacha bo‘lgan davrda amalga oshiriladi;
  • jahon chempionatini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar homiylar va O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan qoplanadi, olinadigan foyda O‘zbekiston boks federatsiyasi tasarrufida qolib, boksni yanada rivojlantirishga va federatsiya faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

16. Boks bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun o‘quv-mashg‘ulotlar bazasini va boks maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, jihozlash hamda ular faoliyatini ta’minlash maqsadida belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan maxsus sport anjomlari va jihozlari, o‘quv uskunalari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, inventar, qurilish materiallari va moddiy-texnik resurslar 2023 yil 1 martga qadar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.

17. Moliya vazirligi mazkur qarorga asosan joriy yilda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar va kelgusi yillarda amalga oshirilishi belgilangan vazifalar uchun zarur mablag‘larni 2021 yil Davlat byudjetida Turizm va sport vazirligi uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida, 2022 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutishni ta’minlasin.

18. Mazkur qarorning ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

  • Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.A.Abduhakimov – mazkur qaror ijrosini sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida ta’minlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har oyda tegishli rahbarlarning bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etsin;
  • turizm va sport vaziri o‘rinbosari A.Q.Karimov – Konsepsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish, Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’minlasin, mazkur qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda mas’ul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatsin hamda uning ijrosi bo‘yicha har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;
  • mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish yuzasidan barcha choralarni amalga oshirsin;
  • O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Ko‘chimov hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi A.D.Xadjayev – mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.

19. Turizm va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2021 yil 29 aprel


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev boks

Baholaganlar

108

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing