Mirziyoyev Bishkekka boradi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 5-6 noyabr kunlari amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

"Bu galgi sammit kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari o‘rin olgan. Har doimgidek, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik aloqalarini rag‘batlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish vazifalari e’tibor markazida bo‘ladi", deyiladi xabarda.

Shuningdek, yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadi.

Yig‘ilish yakunida qator qo‘shma qaror va hujjatlar, jumladan, mamlakatimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Turkiy dunyo Xartiyasi qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Sammitda tashkilotga a’zo besh davlat – Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari, shuningdek, tashkilotning kuzatuvchi-mamlakatlari rahbarlari ishtirok etadi. Bo‘lajak sammitning mavzusi “Turk dunyosini mustahkamlash: iqtisodiy integratsiya, barqaror rivojlanish, raqamli kelajak va barcha uchun xavfsizlik”.

Ma’lumot uchun, Turkiy Davlatlar Tashkilotining 10-yubiley sammiti o‘tgan yili 3 noyabrda Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgan. Unda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va kuzatuvchi mamlakatlar – Vengriyadan Bosh vazir Viktor Orban, Turkmanistondan Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etgan. Joriy yil 6 iyulda esa Ozarbayjonning Shusha shahrida Turkiy Davlatlar Tashkilotining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Oliy darajadagi norasmiy uchrashuvda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, shuningdek, Turkiyadan o‘zga hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi rahbari (tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega) Ersin Tatar, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban qatnashdi.  

Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 noyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga yetib borgandi. U ham ertaga, 6 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 11-sammitida ishtirok etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Bishkek Turkiy davlatlar tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing