Mirziyoyev birgina o‘zgarish bilan eng chekka “zapravkalar”ga ham sifatli benzin borganini aytdi
Jamiyat
−
17 may 2022
9458Birjaga o‘z mahsulotlarini qo‘ygan yirik korxonalar ochiq-oshkora savdolar hisobiga o‘tgan yilning o‘zida 8 trillion so‘m qo‘shimcha daromad qilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan tovar-xomashyo birjasida savdolarni ko‘paytirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish bo‘yicha yig‘ilishda aytib o‘tildi.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, ilgari turli sxemalar orqali korrupsiya bo‘lib, daromadlar ayrim “o‘rtakashlar” cho‘ntagida qolar edi.
“Bir yil avval benzinda davlat taqsimoti bekor qilinib, erkin birja savdosiga qo‘yilgani hisobiga bugungi kunda eng chekka “zapravkalar”da ham sifatli benzin bor. Yoki, o‘tgan uch yilda birja maydonchasida avtoraqamlarni sotish hisobiga byudjetga 1 trillion so‘m qo‘shimcha tushum ta’minlandi. Eng muhimi, bu sohalardagi defitsit, korrupsiya, tanish-bilishchilik yo‘q bo‘ldi”, degan Prezident Mirziyoyev.
Shu bilan birga, birja savdolarini tashkil etish, mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini kengaytirish borasida hali tizimli muammolar mavjud ekani ta’kidlangan. Xususan, birja savdolarining 85 foizini 45 turdagi yuqori likvidli mahsulotlar tashkil etmoqda.
So‘nggi yillarda ishlab chiqarilishi keng yo‘lga qo‘yilgan tekstil, ipak, charm, kabel mahsulotlarining birja savdolaridagi ulushi past.