Mirziyoyev “Arqadag‘”ga Maxtumqulining o‘zbek tilida nashr etilgan kitobini sovg‘a qildi
Jamiyat
−
11 Oktabr
3158O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahriga tashrifi doirasida Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni shoir va mutafakkir Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro forum yuksak darajada o‘tkazilgani bilan samimiy muborakbod etdi.
Suhbatda O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, ko‘p qirrali hamkorlikni, ayniqsa siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash jadal o‘sayotgani, birgalikda chegaraoldi savdo hududi barpo etilayotgani, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida hamkorlik kuchayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Faol hududlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuv doirasidagi tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqdi.
Bo‘lajak oliy darajadagi muloqotlar rejasi ham muhokama qilindi.
Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisiga Maxtumqulining o‘zbek tilida nashr etilgan tanlangan asarlari to‘plamini sovg‘a qildi.
Ma’lumot uchun, bugun, 11 oktyabr kuni Ashxobodda turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan "Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi - tinchlik va taraqqiyot asosi" mavzusidagi xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Osif Ali Zardariy, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Armaniston Respublikasi Prezidenti Vaagn Xachaturyan, xorijiy davlatlar parlamentlari rahbarlari va yuqori martabali vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar boshliqlari ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur anjumanda qatnashgan Mirziyoyev Turkmaniston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan "Xalqaro tinchlik va ishonch yili" doirasida kelgusi yili Ashxobod shahrida global sammit o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagandi. Serdar Berdimuhamedov esa O‘zbekiston Prezidentiga mazmunli nutq hamda Maxtumquli Firog‘iy xotirasini abadiylashtirish borasida mamlakatda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar uchun minnatdorlik bildirib, Mirziyoyev turkman shoiri va mutafakkiri tavalludining 300 yilligi munosabati bilan medal bilan mukofotlanishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi