Mirziyoyev “Arqadag‘” bilan yuzma-yuz muzokara o‘tkazdi
Jamiyat
−
22 avgust 2025 5047 2 daqiqa
Bugun, 22 avgust kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy turizm zonasining Kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning yuzma-yuz va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida Turkmaniston yetakchisi Prezident Mirziyoyevga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu yetaklarini yetkazdi. O‘zbekiston yetakchisi mamlakat rahbariyati va qardosh turkman xalqini shu oy boshida Avazada BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan yana bir bor tabrikladi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro manfaatli hamkorlik barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiyalar va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari hamda qator madaniy tadbirlarni samarali o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi. Yetakchilar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bo‘lajak yettinchi Maslahat uchrashuvi kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdi. Shu ma’noda, “Ozarbayjon – Turkmaniston – O‘zbekiston” formatidagi muzokaralar muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Ma’lumot uchun, bugun O‘zbekiston yetakchisi “Ozarbayjon – Turkmaniston – O‘zbekiston” formatidagi uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etadi va ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi. “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tadigan tadbir kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Qator qo‘shma hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga yetib borgandi. Turkmanboshi shahri aeroportida davlat rahbarini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgandi.
Live
Barchasi