Mirziyoyev Aripovga narx-navo bo‘yicha vazifa yukladi
Jamiyat
−
31 mart 2022 8591 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripovga yangi vazifa yukladi. Unga ko‘ra, Bosh vazir boshchiligida kundalik ishlaydigan Respublika shtabi tashkil etiladi. Shtab bozorlardagi narx-navoni nazorat qilish va choralar ko‘rish bilan shug‘ullanadi. Bu haqda Prezidenti Mirziyoyev bugun, 31 mart kuni bo‘lib o‘tayogan makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatdan kelib chiqib hudud va tarmoqlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida gapirdi.
Prezidentga ko‘ra, dunyoda kunda yangi muammo tug‘ilayotgan bir vaqtda qo‘l qovushtirib o‘tirib bo‘lmaydi.
“Hozir dunyoda juda murakkab davr davom etayapti. Har kuni yangi sinovlar bilan to‘qnash kelayapmiz. Lekin, bu – ertaga nima bo‘ladi deb, kutib o‘tirish kerak, degani emas. Muammolarni tezkor aniqlab, hal qilish va yangi imkoniyatlarni izlab topishimiz zarur”, deydi Prezident.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston, Andijon, Surxondaryoda tadbirkorlarning muammolarini ichiga kirib, ko‘p takliflar tayyorlangani qayd etilib, qolgan viloyatlarning harakati sust, tashabbus va tahlil yo‘qligi tanqid qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev masalalarni doimiy tahlil qilish va tezkor choralarni ko‘rib borish maqsadida, Bosh vazir boshchiligida kundalik ishlaydigan Respublika shtabi tashkil etishni buyurdi. Ushbu shtabga viloyat hokimlari va tegishli vazirlar ham a’zo bo‘ladi.
Shtab oldiga bozordagi narx-navoni kundalik ahvoli bo‘yicha zarur tezkor choralarni ko‘rib borish vazifasi qo‘yildi.