Mirziyoyev amaldorlarni metroga olib tushdi
Jamiyat
−
29 avgust 2023
20115Bugun, 29 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan yerusti metrosi bilan tanishdi va jamoatchilik vakillari bilan birga metroda yurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“2017 yilda bu loyihani boshlaganimizda ishonmaganlar ham bo‘lgan edi. Mana, Xudoga shukur, yerosti va yerusti metro yo‘llari bog‘lanib, halqaga aylandi. To‘g‘ri, og‘ir bo‘ldi. Lekin xalqimizga xizmat qiladigan, tarixda qoladigan yo‘l bu. Odamlarimiz, farzandlarimiz bunda yurib, davlatdan rozi bo‘lsa, niyatimizga yetgan bo‘lamiz”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga Bosh vazir Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, spiker o‘rinbosari - “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov, Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Transport vaziri Ilhom Mahkamov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov hamrohliq qilgan.
Aytish joizki, Toshkent metropolitenning qamrovini kengaytirish maqsadida yerusti metrosi vujudga kelgan. O‘tgan yillarda bu loyihaning birinchi bosqichi va Sergeli yo‘nalishi ochilgan. Joriy yilda ikkinchi bosqich – Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan yerusti metrosi qurib bitkazilgan.
Mazkur ikkinchi bosqich doirasida 12 kilometr estakada yo‘l va 7 ta bekat barpo etilgan. Bu oraliqdagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Bir kunda 40 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.
Umuman, bugungi kunda Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan oshgan. Shundan 38 kilometri 1977 yildan keyin bunyod etilgan bo‘lsa, oxirgi 7 yilda 32 kilometr metro yo‘li qurilgan. Bekatlar soni 50 taga yetgan. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 750 mingga yetishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, joriy yilda Toshkentga mingta avtobus olib kelingan. Natijada jamoat transportidan kuniga 1 million 400 ming nafargacha yo‘lovchilar foydalanmoqda. Bu shaxsiy transportlarga ehtiyojni, pirovardida ko‘chalarda tirbandlikni kamaytirishda muhim omil bo‘lishi kutilmoqda.
LiveBarchasi