Mirziyoyev AQSHga tashrifini yakunladi
Olam
−
25 Sentabr 6803 2 daqiqa
Kecha, 24 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nyu-York shahriga tashrifi yakunlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari AQSHga tashrifi chog‘ida Bosh Assambleyaning umumsiyosiy munozaralarda so‘zga chiqib, BMTning eng dolzarb global muammolarini hal etish uchun asosiy platforma sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tgan.
O‘zbekiston yetakchisi xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik eng dolzarb masalalarni hal etish, tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surgan.
O‘zbekiston rahbarining AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi tashrifning asosiy voqeasi bo‘ldi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishib olishdi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon, Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn, Chexiya Respublikasi Prezidenti Petr Pavel, Albaniya Prezidenti Bayram Begay, shuningdek, XVF boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga va Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okondjo-Iveala bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
O‘zbekiston Prezidenti AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni, AQSH Kongressidagi “O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus” raisi, kongressmen Trent Kellini qabul qilgan.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi ham sermazmun bo‘ldi. O‘zbekiston yetakchisi AQSH ishbilarmonlari bilan davra suhbati, shuningdek, qator yetakchi transmilliy kompaniyalar, korporatsiyalar, investitsiya fondlari va moliyaviy institutlar – “Franklin Templeton”, “Citigroup”, “BNY Mellon”, “NASDAQ”, “Boeing”, “Mastercard”, “Visa”, “General Motors”, “Nvidia”, “Oppenheimer”, “Jefferies”, “Air Products”, “Traxys”, “FLSmidth”, “GoGreen Partners”, “Cleveland Clinic”, “Cargill” va boshqa ko‘plab kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv va muzokaralar natijasida o‘rta muddatli loyihalar dasturi shakllantirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va AQSH Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor huzurida muhim minerallar, fuqaro aviatsiyasi, kimyo sanoati, energetika va boshqa ustuvor sohalarda imzolangan ikki tomonlama savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarini almashish marosimi bo‘lib o‘tgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi yakunida davlat rahbari, an’anaga ko‘ra, AQSHda ishlayotgan va yashayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar, shuningdek, Amerikaning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga jo‘nab ketgan.
Live
Barchasi