Mirziyoyev AQSH Kongressi vakillarini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 mart kuni AQSHning senator Stiven Deyns hamda Vakillar palatasi qo‘mitasi raisi, kongressmen Mayk Rojers boshchiligidagi delegatsiyalarini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvlarda O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

“Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda yuqori darajaga erishilgani, faol muloqotlar va o‘zaro tashriflar davom etayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yilning sentyabr oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “S5+1” formatidagi birinchi sammiti hamda samarali ishbilarmonlik uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi”, deyiladi xabarda.

Davlat rahbari parlamentlararo aloqalarni, shu jumladan AQSH Kongressida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus ishini yuqori baholagan.
Ta’kidlanishicha, ikki davlat orasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshib bormoqda, 2023 yil yakunida u 30 foizga oshgan. O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan AQSH kompaniyalari soni ortmoqda. Misol tariqasida mamlakatimizda qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan “Air Products” kompaniyasining faoliyati qayd etilgan.

Shuningdek, amerikalik qonun chiqaruvchilar vakillik qilayotgan Montana, Alabama, Vashington, Kaliforniya va Texas shtatlari bilan faol amaliy hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratilgan.

“Ta’lim, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, tog‘-kon sanoati, “yashil” energetika, farmatsevtika, oziq-ovqat tarmog‘i va boshqa sohalar kooperatsiya uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi”, deyiladi xabarda.

AQSH hududlari biznesining O‘zbekistonga safarlarini tashkil etishga kelishib olingan. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 mart kuni amerikalik senator Stiven Deyns Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qabulida bo‘lgandi. AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zolari – Alabama shtatidan respublikachi Mayk Rojers, Vashington shtatidan demokrat Adam Smit, Kaliforniya shtatidan demokrat Salud Karbaxal va Texas shtatidan demokrat Veronika Eskobar esa Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Stiv Deyns Mayk Rojers

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing