Mirziyoyev Afg‘onistondagi murakkab vaziyat haqida fikr bildirdi

Jamiyat

image

Afg‘onistondagi ahvol murakkablashib bormoqda. Shu bois, hushyorlik va ogohlikni oshirish har qanday tahdidlarga munosib javob berishga tayyor bo‘lib yashash hayotning o‘tkir zaruratiga aylanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyun — Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida aytib o‘tdi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mintaqa va dunyodagi vaziyat tobora keskinlashib bormoqda. Milliy xavfsizlik, tinch va osoyishta hayotga nisbatan tahdid va xatarlar kuchaymoqda.

“Mana, o‘zingiz televideniye, ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘ryapsiz, qo‘shni Afg‘onistondagi ahvol murakkablashib bormoqda. Bunday vaziyat Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlarni, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi bilan uyg‘un holda olib borishni talab etmoqda. Shu bois hushyorlik va ogohlikni oshirish, o‘zaro hamjihatlik va birdamligimizni mustahkamlash, har qanday tahdidlarga munosib javob berishga tayyor bo‘lib yashash hayotning o‘tkir zaruratiga aylanmoqda”, deydi Prezident.

Mirziyoyevning qo‘shimcha qilishicha, yosh avlodning ongini salbiy ta’sirlardan himoya qilish, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish o‘zini vatanparvar, deb hisoblaydigan har bir O‘zbekiston fuqarosi, ayniqsa yoshlarning asosiy burchi bo‘lib qolishi shart.

“Hozirgi vaqtda milliy armiyamiz, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, chegara qo‘shinlarida xizmat qilayotgan harbiylarimiz chinakam Vatan o‘g‘lonlari, jasur ajdodlarimizning munosib davomchilari ekanini amalda isbotlamoqda. Ular xalqaro harbiy musobaqalarda, jahon sport maydonlarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotganlarini barchamiz yaxshi bilamiz”, deya ta’kidladi u.

Prezident so‘zida davom etar ekan, mamlakat harbiylarining jismoniy va ma’naviy salohiyatini oshirish maqsadida Jasorat maktabini yaratishga qaror qilinganini eslab o‘tgan. 

“Bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi. Shu bilan birga, oliy harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar, jumladan, “Temurbeklar maktabi” faoliyatini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Buyuk sarkardalarimizning jang san’ati, harbiy sohadagi bilim va tajribasi, eng muhimi, vatanparvarlik fazilatlari har bir yurtimiz o‘g‘loni uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qilishi kerak. Ularning jangovar an’analarini bugun kim davom ettiradi? Sizlar, sizlar kabi millionlab farzandlarimiz, albatta”, deydi davlat rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Mirziyoev

Baholaganlar

657

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing